Ostonadagi Maslahat uchrashuvi doirasida Shavkat Mirziyoyevga mintaqa davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik, qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni tantanali topshirildi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, prezident Markaziy Osiyo yetakchilariga minnatdorlik bildirib, ushbu yuksak mukofot mamlakatlarning mintaqaviy hamkorlik va strategik sheriklikni mustahkamlashdagi umumiy yutuqlarning e’tirofi ekanini ta’kidladi.

марказий осиё, фахрий нишон, шавкат мирзиёев

“Siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli bugun Markaziy Osiyo qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muvofiqlashtirilgan faoliyat natijasida tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi bir necha barobar ko‘paydi, keng ko‘lamli hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda, chegaraoldi savdo hududlari, qo‘shilgan qiymat zanjirlari, zamonaviy transport va energetika infratuzilmasi barpo etilmoqda.

“Birdamlik va mintaqaviy o‘ziga xoslik tuyg‘usi tobora mustahkamlanib bormoqda. Eng muhimi, ushbu ijobiy o‘zgarishlarni mintaqa mamlakatlari fuqarolari o‘z kundalik hayotida his qilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Tadbirda xalqaro subyektlikning mustahkamlanishi va mintaqaning yuqori jozibadorligi tufayli Markaziy Osiyo iqtisodiy faollik markaziga, Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanayotgani bildirildi.

U muhim tashabbus va qarorlarning tizimli ravishda amalga oshirilishi natijasida mintaqa mamlakatlarining yaqinlashuv jarayoni barqaror, izchil va ortga qaytmas tus olganini alohida qayd etdi.

Yakunda Shavkat Mirziyoyev yetakchilarga yuksak mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, Markaziy Osiyoni tinch va farovon hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Bir kun avval Qosim-Jomart Toqayev Mirziyoyevga “Oltin Qiron” (“Oltin burgut”) ordenini topshirgandi. Bu mukofot Qozog‘iston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga hissa qo‘shganlik uchun beriladi.