Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Suhbat Yaponiya tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev bir kun avval Yaponiya janubi-sharqida ro‘y bergan kuchli zilzila va ehtimoliy sunami yuzasidan xavotir bildirdi.

Avvalroq Yaponiya meteorologiya agentligining Tinch okeani janubi-g‘arbdan Yaponiyaning markaziy qismigacha cho‘zilgan hududida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kuchli zilzila xavfi haqida ogohlantirishi sababli Fumio Kishida 9−12-avgust kunlari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga rejalashtirilgan safarini bekor qilgandi.

“O‘zbekiston Yaponiya tomonining „Markaziy Osiyo + Yaponiya“ birinchi sammitini o‘tkazish va bosh vazir Kishidaning 10−11-avgust kunlariga rejalashtirilgan mamlakatimizga rasmiy tashrifi muddatlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi qarorini to‘liq tushunadi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Tomonlar tayyorgarlik ishlarini davom ettirishga va diplomatik kanallar orqali tashrifni tashkil etishning yangi sanalarini kelishib olish haqida gaplashdi.