Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati fosh etildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura.

Nazorat tadbirida O.A.S.777 MCHJ rahbari U.O. noqonuniy ohak ishlab chiqarish sexi tashkil qilgani aniqlangan. U qo‘lbola gaz qurilmalarini (gorelka) o‘zboshimchalik bilan yer ostidan o‘tgan yuqori bosimli gaz quvuriga ulagan.

Buning oqibatida 3 milliard 394 million so‘mlik 2 million 263 ming kub metr tabiiy gaz o‘g‘irlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, gumonlanuvchi U.O. protsessual tartibda ushlandi.

BP tadbirkorlarga faoliyati davomida energiya resurslaridan qonuniy va oqilona foydalanishi kerakligini eslatdi. Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.