Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakili G‘ulomjon Abdullayev Parijdagi Olimpiya o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritdi.

25 yoshli G‘ulomjon Abdullayev (57 kg gacha) bir kun avval yarim finalda amerikalik Spenser Liga yutqazib qo‘ygandi. Uning raqibi finalgacha yetib bordi va shu orqali o‘zbekistonlik bronza medali uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Unga qirg‘izistonlik 23 yoshli Bekzat Almaz o‘g‘li qarshilik ko‘rsatdi. G‘ulomjon Abdullayev uni 5:1 hisobida mag‘lub etib, Olimpiadaning bronza medali sohibiga aylandi.

Shu tariqa u allaqachon uchta oltin medalga ega O‘zbekiston hisobiga uchinchi “bronza"ni qo‘shib qo‘ydi. Xabar e’lon qilingan paytda terma jamoa medallar reytingida 18-o‘rinni egallab turibdi.

G‘ulomjon Abdullayev 1998-yil 11-noyabrda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. Murabbiyi — Baxtiyor Sobirov. 2016-yilda yoshlar terma jamoasi vakili bo‘lgan, 2018-yildan esa terma jamoa a’zosi hisoblanadi.

18 yoshida kurashchi U-20 jahon chempionatining bronza medali sohibiga aylangan. Yoshlar o‘rtasida ikki karra Osiyo chempioni. Konya-2021 Islom birdamlik o‘yinlarida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan. Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi hisoblanadi.