O‘zbekistonlik bokschi Hasanboy Do‘smatov Parij-2024 Olimpiadasi chempioni bo‘ldi.

51 kilogrammgacha vazn toifasida 2016-yilgi Olimpiya chempioni, “Professor” laqabi bilan mashhur bo‘lgan sportchi final bahsida jahon chempionatining ikki karra bronza medali sovrindori, Yevropa o‘yinlari va Yevropa chempioni fransiyalik 26 yoshli Bilol Bennama bilan jang qildi. Raqiblar 2023-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida to‘qnash kelgan, o‘shanda Do‘smatov nokaut evaziga g‘alaba qozongandi.

Birinchi raund deyarli tengma-teng o‘tgan bo‘lsa-da, o‘zbekistonlikning biroz ustunligi sezildi — 3:2. Do‘smatovning murabbiyi undan “publikaga imkoniyat qoldirmaslikni” so‘radi. U raqibi bilan bo‘y farqiga qaramay, ketma-ket zarbalar berib, birinchi raqamda harakat qilishda davom etdi va ikkinchi raundni ham qo‘lga kiritdi — 4:1.

O‘zbekistonlik sportchi so‘nggi uch daqiqalikni ham agressiv boshladi va raqibidan ustun keldi. Do‘smatov raqibining bosh va tana qismlariga zarbalar berdi. Uchinchi raund so‘nggi daqiqalarida Fransiya vakili tashabbusni o‘z qo‘liga olishga urindi, ammo andijonlik sportchi bunga qarshilik qildi. Uchinchi raund ham Do‘smatovga nasib etdi — 4:1. Umumiy hisob 5:0 — O‘zbekiston vakili foydasiga.

Bronza medallarini kabo-verdelik David de Pina va kubalik Yunior Alkantara Reyes qo‘lga kiritdi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston 9-avgust kuni uchta oltin va ikkita bronza medali bilan medallar jadvalida 18-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Jang videosi

Shu tariqa Hasanboy Do‘smatov O‘zbekiston tarixida Olimpiya o‘yinlarida ikkita oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi bokschi bo‘ldi va taekvondochi Ulug‘bek Rashitov bilan bir xil natija qayd etdi. Bokschi Bahodir Jalolov ham 11-avgustga o‘tar kechasi soat 01:51 da bo‘lib o‘tadigan final jangidan so‘ng ushbu ro‘yxatga qo‘shilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, boks bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasining yana to‘rt nafar vakili Olimpiya o‘yinlarida “oltin” uchun kurash olib boradi.

Xasanboy Ma’rufjanovich Do‘smatov 1993-yil 24-iyunda Andijon viloyatida tug‘ilgan. 2012-yildan O‘zbekiston terma jamoasi vakili. Murabbiyi: Ziyatdin Toyganboyev. Rio-2016 Olimpiadasida Do‘smatov 49 kg vazn toifasida chempion bo‘lgan, shuningdek, eng yaxshi texnikaga ega bokschiga beriladigan “Vel Barker” kubogini qo‘lga kiritgan.

U, shuningdek, Gamburgdagi 2017-yilgi jahon chempionati finalchisi. 2018-yilgi Osiyo o‘yinlarining kumush medali sohibi. Uch karra Osiyo chempioni (2015, 2017 va 2022). 2023-yilda Toshkentda o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan va musobaqaning eng yaxshi bokschisi deb topilgan. Xizmatlari uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” va “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan. Xanchjou-2022 yozgi Osiyo o‘yinlarida -51 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan.