9-avgust kuni Ostona shahrida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Akorda matbuot xizmati.

Qozog‘iston prezidenti maslahat uchrashuvlari natijalari mintaqaviy hamkorlikni misli ko‘rilmagan darajaga olib chiqqanini, unga tizimli, keng qamrovli va eng muhimi, ishonchli xarakter berganini ta’kidladi.

“Umumiy sa’y-harakatlar tufayli uzoq muddatli asosiy masalalar hal etilmoqda. Mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Chegara, suv ta’minoti, migratsiya masalalari tizimli ravishda hal etilib, o‘zaro savdodagi ko‘plab to‘siqlar bartaraf etildi. Chegaralardagi nazorat-o‘tkazish punktlari modernizatsiya qilinmoqda, transport aloqalari kengaytirilmoqda, yangi yo‘nalishlar ochilmoqda. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda”, — dedi u.

Qosim-Jomart Toqayevning ta’kidlashicha, o‘tgan yillar davomida maslahat uchrashuvlari “mintaqaning xalqaro subyektivligi va birligini, shuningdek, zamon chaqiriqlariga birgalikda javob berishga tayyorlikni ko‘rsatuvchi samarali platformaga aylandi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi “og‘ir geosiyosiy va iqtisodiy voqelik sharoitida mintaqada hamkorlikni rivojlantirishning yuqori dinamikasini saqlab qolish nihoyatda muhim”. Qolaversa, u Markaziy Osiyo taraqqiyoti uchun bir qator vazifalarni belgilab berdi.

suv ресuрслари, трансафғон темир yo‘lи, трансафғон temiryo‘li, транскаспий yo‘lagi, transport, қозоғистон

“Bugun biz xalqaro munosabatlar tizimining fundamental asoslarida xavfli eroziyaga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bunday sharoitda mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni saqlash asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda. Ko‘rinib turibdiki, zamonaviy chaqiruv va tahdidlarni yengish davlatlarimiz o‘rtasida siyosiy muloqot va ishonch choralarini kuchaytirish orqaligina mumkin. […] Mintaqaviy hamkorlik doirasida tashqi hamkorlar bilan har tomonlama hamkorlikni tizimli ravishda oshirayotganimiz muhim. Dunyoning yetakchi davlatlarining „Markaziy Osiyo plyus“ formatiga qiziqishi buning yaqqol tasdig‘idir”, — dedi Toqayev.

Qozog‘iston rahbari prezidentlarni Markaziy Osiyo xavfsizlik, hamkorlik va farovonlik maydoni bo‘lib qolishi uchun barcha sa’y-harakatlarni jamlashga chaqirdi.

suv ресuрслари, трансафғон темир yo‘lи, трансафғон temiryo‘li, транскаспий yo‘lagi, transport, қозоғистон

Qosim-Jomart Toqayev o‘zaro hamkorlikning iqtisodiy asoslarini shakllantirish yana bir vazifa ekanini aytdi. Hududlararo tovar ayirboshlash hajmi 11 mlrd dollarga yetdi, yaqin kelajakda uni 15 mlrd dollarga oshirish imkoniyati mavjud.

“Qo‘shma yirik infratuzilma va transport loyihalari mamlakatlarimiz iqtisodiyoti uchun yangi o‘sish nuqtalariga aylanishi mumkin. Mintaqada bunday o‘zaro manfaatli hamkorlikning yaxshi namunalari allaqachon mavjud. Gap Qirg‘izistondagi Qambarota GES-1, Tojikistondagi Rog‘un GES, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistondagi gaz loyihalari, yangi transport yo‘laklarini qurish va boshqa qator muhim loyihalar haqida bormoqda. Chegara hududlarida savdo, logistika va sanoat markazlari tarmog‘ini rivojlantirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligi, logistika, to‘qimachilik va kimyo sanoati, qurilish kabi istiqbolli tarmoqlarda yangi kelishuvlar bilan keng qamrovli sherikligimizni mustahkamlash zarur”, — dedi Qosim-Jomart Toqayev.

Qozog‘iston prezidenti mamlakat Markaziy Osiyo ishbilarmonlar kengashini tuzish taklifini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning fikricha, mintaqaning tranzit-transport salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyo transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha kompleks strategiyani qabul qilish muhim ahamiyatga ega.

“Bu yerda Markaziy Osiyoning barcha davlatlari u yoki bu darajada ishtirok etgan Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi, „Shimol-Janub“ koridori, „Bir kamar, bir yo‘l“ tashabbusi kabi loyihalar alohida o‘rin tutadi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli Qozog‘iston-Turkmaniston-Eron temiryo‘lining salohiyati izchil ortib bormoqda. Bugungi kunda bu Fors ko‘rfazi mamlakatlariga eng qisqa yo‘ldir. Biz Janubiy Osiyo bozorlariga yo‘l ochadigan Transafg‘on temiryo‘li qurilishini istiqbolli, deb bilamiz. Qozog‘istonda transport-tranzit sohasida keng ko‘lamli ichki ishlar amalga oshirilmoqda. 2030-yilgacha mamlakatimizda 11 ming kilometrni modernizatsiya qilish, 5 ming kilometrdan ortiq yangi temiryo‘l qurish rejalashtirilgan”, — dedi davlat rahbari.

Mintaqaviy kun tartibidagi yana bir muhim masala — suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish. Qozog‘iston prezidenti suvdan teng va adolatli foydalanish va o‘zaro majburiyatlarni qat’iy bajarishga asoslangan yangi birlashgan suv siyosatini ishlab chiqish zarur, deya hisobladi.

“Ko‘p tomonlama suv hamkorligi gidroyenergetika inshootlarini birgalikda qurish va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun suv-energetika konsorsiumini tashkil etish tashabbuslariga asoslanishi mumkin. Hozirgi vazifalar suv taqsimoti va hisobini raqamlashtirish, kosmik monitoring texnologiyalarini joriy etish, tizimli ilmiy ishlarni yo‘lga qo‘yishdan iborat”, — dedi Qosim-Jomart Toqayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston ta’lim, fan, madaniyat va inson kapitalini rivojlantirish sohalarida besh tomonlama hamkorlikni kengaytirish tarafdori. Prezident Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari yoshlarini Qozog‘istonda ikki diplomli ta’lim olishga taklif qildi.

Qosim-Jomart Toqayev Qozog‘istonning mintaqaviy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va Markaziy Osiyoning jahon miqyosidagi rolini oshirish bo‘yicha strategik yo‘nalishi o‘zgarishsiz qolayotganini ta’kidladi.

“Ishonchim komilki, mintaqamiz kelajagi faqat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishonchli muloqot va hamkorlikka, barcha ichki va tashqi chaqiriqlarga adekvat javoblarni birgalikda izlashga bog‘liq”, — dedi davlat rahbari.

Qozog‘iston prezidenti O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maslahat uchrashuvining navbatdagi raisi sifatida muvaffaqiyat tiladi.