O‘rta sinf — iqtisodiy o‘sish tushunchasining eng muhim elementi hisoblanadi. Shu sababli u haqida anjumanlarda so‘z yuritiladi va unga bag‘ishlab tadqiqotlar o‘tkaziladi. O‘rta sinfning o‘sishi — mamlakat farovonligining kafolatidir.

Yo‘l boshida turgan rivojlanayotgan bozorlar uchun jamiyatning eskirgan tuzilishi xos bo‘lib, unda bir nechta boylar va ko‘p sonli kambag‘allar istiqomat qiladi. Bunday jamiyatlardagi ijtimoiy taraqqiyot klassik adabiyotda — Umar Xayyomdan tortib Robert Byornsgacha — ko‘p bora tilga olingan “boylar boyiyveradi, kambag‘allar kambag‘allashaveradi” degan naql bilan tavsiflanadi. Bu paradigmada rivojlanishga o‘rin yo‘q — kambag‘al hech qachon boyimaydi.

O‘rta sinf tushunchasi tengsizlikning yengib bo‘lmas ijtimoiy muammosini hech bo‘lmaganda qisman hal etishga imkon beradi. Inson qashshoqlikdan boylikka sakrab o‘tolmaydi, biroq o‘rta sinfning quyi chegarasidan yuqori chegarasigacha bo‘lgan yo‘l hech kim uchun taqiqlangan emas — o‘rta sinfning asl mohiyatida aynan shu ko‘zda tutilgan.

O‘rta sinf — bu yopiq va o‘zgarmas jamiyat emas, balki doimiy harakatdir. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti 2010-yildagi “Rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘rta sinfning paydo bo‘lishi” deb nomlangan hujjatida rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘rta sinfning daromad darajasini har bir uy xo‘jaligi uchun kuniga 10−100 dollar oralig‘ida belgilagan.

Osiyo taraqqiyot banki o‘rta sinfni to‘rtta kichik guruhga ajratadi: o‘tish davridagi, o‘rtadan past, o‘rtadan yuqori va yuqori.

Bugungi kunda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi taxminan 5 million so‘mni, o‘rtacha uy xo‘jaligi a’zolari soni esa besh kishini tashkil etadi.

Men mamlakatda o‘rta sinf bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarni topishga muvaffaq bo‘lmadim, shuning uchun keyinchalik takomillashtirish lozim bo‘lgan dastlabki model sifatida shahar aholisi uchun tabaqalashtirishning quyidagi ko‘rinishini taklif qilgan bo‘lar edim:

  • O‘tish davridagi — 5−10 mln so‘m
  • O‘rtadan past — 10−15 mln so‘m
  • O‘rtadan yuqori — 15−30 mln so‘m
  • Yuqori — 30−50 mln so‘m.

O‘rta sinf daromad chegaralarini aniqlash va miqdorini hisoblash eng muhim tahliliy vazifa bo‘lib, yaqin kelajakda hal etilishiga shak-shubha yo‘q.

O‘rta sinf — faqat daromadlar emas, balki qadriyatlar hamdir. Oila o‘rta sinf vakiliga aylanar ekan, nafaqat farovonlik, balki inson kapitali o‘sishi yo‘liga ham qadam qo‘yadi. Ijtimoiy zinapoyadan ko‘tarilish jarayonida ta’lim, tibbiy xizmatlar, sayohatlar, madaniy rivojlanish va pensiya ta’minotidan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu jarayon vertikal harakatchanlik deb ataladi.

Universitetda tahsil olayotgan kam ta’minlangan oiladan chiqqan yigit oilasining daromadi mezoniga ko‘ra emas, balki yaqin kelajakda shaxsiy daromadi oshishi kutilgani uchun o‘rta sinfga mansub hisoblanadi.

Boshqacha aytganda, men Markaziy Osiyodagi o‘rta sinf uchun eng muhim mezon sifatida oila farovonligini oshirish istiqbollarining mavjudligini belgilagan bo‘lardim. Bu har qanday ijtimoiy lift bo‘lishi mumkin: ta’lim, karera, davlat xizmati va, oxir-oqibat, to‘y.

Iste’molchi xulq-atvori nuqtai nazaridan, bu insonda o‘z kuchi va vaqtini sarflash ma’noga ega bo‘lgan narsaning paydo bo‘lishini anglatadi. Bu o‘qish, ish yoki ijtimoiylashuv bo‘lishi mumkin. O‘rta sinf uchun vaqt qimmatli resursga aylanadi.

Shu sababli, markazlashgan shahar madaniyatining zamonaviy formatlari o‘rta sinfga yo‘naltirilgan: hamma narsani bir joydan va birdaniga sotib olish mumkin bo‘lgan savdo markazlari, barcha qatlam vakillarini uchratish mumkin bo‘lgan jamoat joylari, fast-fud qulayligi bilan sifatli oshxona nufuzi va to‘laqonli ratsionini uyg‘unlashtirgan fast casual formatidagi restoranlar. Supermarketlar ham shu toifaga kiradi.

O‘rta sinf pillapoyasiga ko‘tarilgan inson endi bozorda arzon tovarlarni izlashga vaqt sarflashni istamaydi, chunki uning vaqti sotuvchilarnikidan qimmatroq, shuning uchun u o‘z xulq-atvorini o‘zgartiradi. Biroq o‘rta sinfning o‘ziga xos xususiyati doimiy rivojlanishidadir va zinapoyadan yuqorilab borgan sari iste’molchi yana bozorga qaytishi mumkin, ammo bu safar boshqa maqsadda — eng arzon tovarni qidirish uchun emas, balki zavq olish va noodatiy narsalarni topish imkoniyati uchun.

Yirik biznes va shahar mutasaddilari yo‘nalishning o‘zgarishiga oldindan tayyorgarlik ko‘rishlari va formatlarni shunchaki mavhum o‘rta sinfga emas, balki maqsadli auditoriya ehtiyojlariga yanada nozikroq moslashtirishi lozim. Toshkentda bunday misollar allaqachon mavjud: masalan, eko-bozor rasman oddiy bozor bo‘lib qolmoqda, ayni paytda butunlay boshqa maqsadli auditoriyaga mo‘ljallanmoqda. Yoki o‘rta sinf ehtiyojlari bilan professional tarzda ishlaydigan xalqaro brendlarni jalb qilgan Tashkent City Mall’ni ko‘rsatish mumkin.

Hozirning o‘zidayoq Toshkent bozorlarida turli-tuman xaridorlarni ko‘rish mumkin. Bu shaharda bozor savdosi doimo mavjud bo‘ladi, chunki u shahar madaniyati va an’analarining muhim qismi hisoblanadi. Eng asosiysi, o‘zgarish barobarida u o‘zining xilma-xilligi va ochiqligini saqlab qolishidir.

Denis Sokolov — ko‘chmas mulk sohasidagi Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) xalqaro konsalting kompaniyasining hamkori va bosh direktori, Qirollik diplomli baholovchilar institutining (RICS) a’zosi. Avvalroq u “Gazeta.uz”da “Ko‘chmas mulk tili” (rus tilida) nomli turkumga mualliflik qilib, o‘z maqolalarida ko‘chmas mulk bozorining tuzilishi va xususiyatlari, uning rivojlanishi bo‘yicha prognozlar haqida so‘z yuritgan.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.