O‘zbekistonlik taekvondochi Ulug‘bek Rashitov Parijdagi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi.

68 kilogrammgacha toifada Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni bo‘lgan 22 yoshli sportchi finalda Osiyo o‘yinlari vitse-chempioni iordaniyalik Zaid Abdul Karim bilan kuch sinashdi. Raqiblar 2023-yil sentabr oyida Osiyo o‘yinlari finalida to‘qnash kelishgan, o‘shanda o‘zbekistonlik g‘alaba qozongan edi, 2022-yilgi bahsda esa iordaniyalik yutgan.

Uchrashuv boshida Zaid Karim hisobni ochdi (2:0), ammo Rashitov boshga yo‘llagan aniq zarbasi evaziga ustunlikni qo‘lga kirita oldi (5:2). Birinchi raund 5:4 hisobida o‘zbekistonlik foydasiga hal bo‘ldi. Ikkinchi davrada O‘zbekiston vakili himoyaviy harakat qilib, 3:1 hisobini qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Yakuniy hisob 2:0.

Shu tariqa Ulug‘bek Rashitov ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ldi va O‘zbekiston tarixida bunday natijaga erishgan birinchi sportchiga aylandi.

Ulug‘bek Rashitov 2002-yil 23-martda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2016-yildan O‘zbekiston kadetlar terma jamoasi, keyin o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari tarkibidan o‘rin olgan, so‘ng terma jamoaga o‘tgan. Murabbiyi — Pavel Xan (uning “Gazeta.uz"ga bergan intervyusini shu yerda o‘qishingiz mumkin). 2018-yilda Tunisda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan. O‘sha yili Buenos-Ayresdagi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida kumush medalni olgan. 2019-yilda Uxan shahrida o‘tgan harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatida u shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan.

olimpiada-2024, olimpiya o‘yinlari 2024, parij-2024, taekvondo, ulug‘bek rashitov

Tokio-2020 Olimpiadasida Ulug‘bek Rashitov oltin medalni qo‘lga kiritgan va shu orqali o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochgan. Aynan u 19 yoshida Olimpiya chempioni unvoniga ega chiqishga muvaffaq bo‘lgan birinchi o‘zbek taekvondochisi va O‘zbekiston tarixidagi eng yosh Olimpiya chempioni bo‘lgan. Shuningdek, Konya-2021 Islom birdamligi o‘yinlari va Xanchjou-2022 yozgi Osiyo o‘yinlarida ham oltin medallarni qo‘lga kiritgan. 2023-yilda Boku (Ozarbayjon)da bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan. Xizmatlari uchun “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.