Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, ikki karra Olimpiada chempioni bo‘lgan taekvondochi Ulug‘bek Rashitov va bokschi Hasanboy Do‘smatov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbari sportchilarni tabriklab, milliy terma jamoa bir kunda ikkita Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritgani o‘zbek sporti uchun tarixiy voqea bo‘lganini ta’kidladi.

U “yigitlarimizning mardonavor va ishonchli o‘yinlari, yuksak mahorat va jasorati chinakam qahramonlik namunasi bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning yoshlari nimalarga qodir ekanini yana bir marta namoyish etib, xalqimizga ulkan kuch va g‘urur-iftixor bag‘ishlaganini” aytdi.

Shavkat Mirziyoyev ularning murabbiylari, ota-onalari va yaqinlariga minnatdorchilik bildirdi.

hasanboy do‘smatov, olimpiada-2024, olimpiya o‘yinlari 2024, parij-2024, shavkat mirziyoyev, ulug‘bek rashitov

Shuningdek, u Ulug‘bek Rashitov yarim finalda jarohat olganiga qaramay, finalga qanday chiqqani va g‘alaba qozonganini alohida qayd etdi. Prezident o‘zbekistonlik uch yil avval bergan va’dasida bajarib, yana Olimpiada “oltinini” qo‘lga kiritganini ta’kidladi.

“Men sen bilan g‘ururlanaman. Mana shunday farzandim borligidan baxtiyorman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Xasanboy Do‘smatov ham so‘zi ustidan chiqib, oltin medalni qo‘lga kiritganini ta’kidladi.

“Men hamma o‘yinlarni ko‘ryapman, lekin sening o‘yiningdan juda tashvishda edim. Lekin barcha raqiblaringga hech qanday imkoniyat qoldirmaganing — menga g‘urur, iftixor, Yangi O‘zbekistonning yangi yoshlari nimalarga qodir ekanini ko‘rsatadi… Sening [final] jangingni nafas olmay ko‘rdik hammamiz, nega desangiz, bu jang bizga hayot-mamotimizdek kerak edi”, — deydi u.

Ulug‘bek Rashitov va Hasanboy Do‘smatov “alohida e’tibor va yuksak ishonch, sportchilarga barcha sharoitlar yaratilgani uchun” davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, o‘z g‘alabalarini Yangi O‘zbekistonga bag‘ishlashlarini aytdi, deyiladi xabarda.