Olimpiya o‘yinlaridagi ikkinchi oltin medalini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik taekvondochi Ulug‘bek Rashitov finaldagi g‘alabasi haqida fikr bildirdi.

“Mamlakatimizda tug‘ilganimdan nihoyatda xursandman va nihoyatda faxrlanaman. Hurmatli prezidentimizga rahmat aytmoqchiman, barcha sharoitlar yaratilgan, buning natijasida g‘alaba qozonish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Barchaga, butun xalqimizga aytmoqchimanki, sizning qo‘llab-quvvatlovingiz shunchaki maksimal darajada sezildi. Men barchangizni juda yaxshi ko‘raman. Ona, ota, Marish — sizlar men uchun hamma narsasiz. Sizni har soniyada his qildim. Men sizni juda yaxshi ko‘raman. Tez orada uyga qaytaman”, — dedi u.

9-avgustga o‘tar kechasi final jangida Ulug‘bek Rashitov iordaniyalik Zaid Abdul Karimni mag‘lub etdi (jang videosi).

Ulug‘bek Rashitov — O‘zbekistonning hozirgi vaqtda ikki karra Olimpiya chempioni hisoblanadigan birinchi sportchisi. Kurashchi Artur Taymazov O‘zbekiston hisobiga uchta Olimpiada “oltin"ini qo‘lga kiritgan, biroq doping testidan so‘ng Pekin-2008 va London-2012 o‘yinlarining ikkita oltin medalidan mahrum etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 9-avgustga o‘tar kechasi bokschi Xasanboy Do‘smatov ham ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ldi va bu borada Ulug‘bek Rashitovga qo‘shildi. U ilk g‘olibligini Rio-2016 da qo‘lga kiritgan.

Shanba oqshomida amaldagi Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov ham shunday natijaga erishishi mumkin.