Qoraqalpog‘istonda mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan o‘tkazilgan 10 milliard so‘mga yaqin tender savdolarida qonun buzilishi holatlari aniqlandi, deb xabar berdi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, mahallalar infratuzilmalarini takomillashtirish maqsadida 2023-yil davomida hududdagi 452 ta MFYning har biriga 500 million so‘mdan (jami 226 milliard so‘m) berilgan.

Ammo mahallalar tomonidan ayrim tanlovlarni o‘tkazishda “Raqobat to‘g‘risida” va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunchilik talablari buzilgan. Jumladan, xarid komissiyalari takliflarga ball belgilashda baholash mezonlarini ishlab chiqmagan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Raqobat qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda 48 ta ish qo‘zg‘atilib, tegishli choralar ko‘rildi.