Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida so‘zlagan nutqida mintaqaviy kun tartibining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida o‘zaro manfaatli sheriklik asosidagi iqtisodiy rivojlanishni qayd etdi, deb xabar beradi “Turkmaniston: Oltin asr” sayti.

Turkmaniston rahbari transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikka muhim ahamiyat qaratdi.

“Turkmaniston prezidenti Yevrosiyoda yangi transport va tranzit yo‘laklarini yaratish bo‘yicha faol ish olib borilayotganini qayd etib, geografik, logistik va boshqa afzalliklardan foydalangan holda mintaqamizni ushbu jarayonlarga o‘z vaqtida va samarali integratsiya qilish Markaziy Osiyo davlatlarining juda yaqin kelajakdagi umumiy vazifasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.

Turkmaniston rahbari, shuningdek, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash mintaqa mamlakatlari hududlarida zamonaviy logistikani yaratish, qonunchilikni uyg‘unlashtirish, o‘zaro bojxona, tarif va boshqa imtiyozlar berishni nazarda tutishini ta’kidladi. Serdar Berdimuhamedov yaqin kelajakda bu vazifalarni amalga oshirishni boshlashni taklif qildi.

energetika, markaziy osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi, serdar berdimuhamedov, turkmaniston

Turkmaniston rahbari energetika sohasini ham besh tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiritdi. Turkmaniston prezidenti strategik maqsad — yangi sanoat va qishloq xo‘jaligi quvvatlari mavjudligi va kelajakda paydo bo‘lishini, shuningdek, infratuzilma obyektlari va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari yo‘lga qo‘yishni hisobga olgan holda Markaziy Osiyo davlatlarining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdan iborat ekanini ta’kidladi.

“Va nihoyat, bunday tizim mamlakatlarimizni global energetika bozorida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ssenariylardan himoya qilishi, ularning oqibatlarini minimallashtirishi va texnogen va tabiiy ofatlar vaqtida milliy energetika tizimlari uchun zarur xavfsizlik zaxirasini yaratishi kerak”, — dedi davlat rahbari.

Istiqbollar qatorida Serdar Berdimuhamedov savdo, sanoat kooperatsiyasi, kichik va o‘rta biznes sohasidagi sheriklikni kengaytirishni ham sanab o‘tdi.