“Gazeta.uz” YouTube’dagi o‘zbekistonlik kontent mualliflari tomonidan tayyorlangan videolarning oyma-oy sarhisobini tayyorlashda davom etadi. Navbat — 2024-yilning iyul oyi yakunlariga.

Izoh: Quyida mushtariylar e’tiboriga havola etilayotgan videolar tahririyat tavsiyasi emas. Bunda aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil iyul oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olingan. Ayni vaqtda, fursatdan foydalanib, “Gazeta.uz”ning o‘zbek va rus tahririyatlari tomonidan iyul oyida tayyorlangan videokontentni ham yana bir bor eslatib o‘tishni joiz deb bildik.

“Gazeta.uz” e’lon qilgan videolar

Nima o‘qiymiz? Manbashunos tarixchi Hilola Nazirova tavsiya qiladi

“Gazeta.uz”ning “Nima o‘qiymiz?” loyihasida bu safar “Yangi O‘zbekiston” universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, matnshunos va ogahiyshunos Hilola Nazirova mehmon bo‘ldi.

Oy materiali. Favqulodda hodisalardan reportajlar qanday tayyorlanadi?

“Gazeta.uz”ning “Oy materiali” podkastida muxbirlar Shohruh Haydarov va Mushtariy Oqboyeva bilan birga 2023-yil sentabr oyida Sergelida yuz bergan portlash va 2024-yil iyul oyida Yunusobodda kuzatilgan toshqinning yoritilishi misolida favqulodda vaziyatlardan reportajlar qanday tayyorlanishi haqida gaplashildi.

Reportaj. Burgut Ultras. Nega andijonliklar futbolni bunchalik yaxshi ko‘rishadi?

Andijonlik muxlislar bu yil Farg‘ona vodiysi futbolining o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylanib ulgurdi. Andijondagi fan-klubning mashhurligi butun O‘zbekistonda muxlislar harakatining rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda. “Gazeta.uz” muxbirlari Andijonga safar qilib, “Andijon” futbol klubining muxlislar jamoasi — Burgut Ultras haqida reportaj tayyorladi.

Rus tilida: So‘rovnoma: Toshkentda elektr energiyasi uchun to‘lovlar miqdori qanchaga o‘zgardi?

1-maydan boshlab O‘zbekistonda kommunal xizmatlar tariflari sezilarli darajada oshirildi, hukumat gaz va elektr energiyasi iste’moli uchun ijtimoiy norma belgiladi. “Gazeta.uz” toshkentliklarning elektr energiyasi uchun qancha pul to‘layotgani, konditsionerdan qanchalik ko‘p foydalanayotgani, ijtimoiy norma haqidagi fikrlarini so‘rab, mikrofon tutdi.

Bir tom ostidagi hamkorlarimizning materiallari

Afisha.uz. Irina Kayratovna yana O‘zbekistonda. CAU bitiruv kechasi qanday o‘tdi?

28-iyun kuni Central Asian University’da Graduation Party bo‘lib o‘tdi. Unda bitiruvchilar uchun mahalliy san’atkorlardan Tohir Sodiqov, Rayhon, Shohrux va Shaxriyorlar chiqish qildi. Tadbir hedlayneri esa Irina Kayratovna guruhi bo‘ldi. “Afisha.uz” jamoasi bitiruv kechasida qatnashib, undan reportaj tayyorladi.

Spot. Nega 200 kVt/soat ijtimoiy norma qilib belgilangan?

11-iyul kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasida press-tur tashkil etildi. Unda so‘nggi vaqtlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan mavzular bo‘yicha tushuntirishlar berildi. “Spot” muhim tafsilotlarni jamladi.

Boshqa mualliflar e’lon qilgan videolar

Endi boshqa mualliflar e’lon qilgan videokontentlarga o‘tsak. Bunda, yuqorida qayd etilganidek, aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil iyul oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olindi.

Subyektiv. Tug‘ilish: DNK, abort, qarindoshlar nikohi haqiqatlari

“Subyektiv”ning bu galgi soni o‘zbek matbuotida hali e’lon qilinmagan tarixiy ma’lumotlar, o‘zbekistonliklarining deyarli 40 mingyillik DNK tahlillari, ozolmayotgan, semirolmayotganlar genetikasidan tortib o‘g‘il bolalarning qizlardan ko‘payib ketayotgani va buning oqibatlariga bag‘ishlandi.

NmaGap. Giyohvandligimga korrupsiya aybdor! Doston Rustamov (Tog‘a va jiyan)

“Mashinangiz zo‘r ekan, nima ish qilasiz?”. Agar Instagram`da shunday savol qulog‘ingizga chalingan bo‘lsa, biz buni kim boshlab berganini bilamiz. “NmaGap” loyihasining navbatdagi sonida o‘sha “Tog‘a va jiyan” blogi muallifi Doston Rustamov mehmon bo‘ldi.

Tungi qahramon. Munisa Magamet oilaviy vaynlar olmoqchi

Stendap komik Mirshakar Fayzulloyevning “Tungi Qahramon” dasturida bu safar “Qadam” va “Qizim” seriallari hamda Hamdam Sobirovning “Malohat” klipidagi rollari orqali tanilgan aktrisa Munisa Magamet mehmon bo‘ldi.

NQE podcast. Krinj videolar, mem va izoh yozish san’ati | Bekmirza Rashidov, Teacher Azam, Kunduziy

Teacher Azamning “Nozik qalb egalari” podkastining navbatdagi sonida “Subyektiv” loyihasining sobiq ijodkori, YouTube`dagi “BekipediA” loyihasi muallifi Bekmirza Rashidov mehmon bo‘ldi. Podkastni Teacher Azam bilan birga Kunduziy olib bordi. Shuningdek, oy davomida “Nozik qalb egalari” podkastining yana bir diqqatga sazovor soni e’lon qilindi. Unda Jamila Shermuhamedova mehmon bo‘lib, qator savollarga javob berib o‘tdi.

U kim edi? Ahmad Shoh Mas’ud | Panjsher arsloni

Bloger Nurbek Alimov o‘zining “U kim edi?” loyihasining navbatdagi sonida tomoshabinlarni “Panjsher arsloni” laqabi bilan tanilgan Afg‘oniston sobiq mudofaa vaziri Ahmad Shoh Mas’ud shaxsiyati bilan yaqindan tanishtirishga harakat qildi.

Texnoplov. Iqtisodiyot qanday tuzilgan? Oson tushuntirish

“Texnoplov” loyihasining navbatdagi soni iqtisodiyotga bag‘ishlandi. Videoda mualliflar pul nega paydo bo‘lgani, soliqlar qayerga ketishi, Markaziy bank nima ish qilishi qilishi, kredit nima uchun kerakligi, uning yaxshi va yomon tomonlari, inflatsiya va defilyatsiya to‘g‘risida ma’lumot berishga harakat qilgan.

Lolazor. #26. Hokimiyat shaytoniy xususiyatga ega

“Lolazor” podkastining bu sonida siyosatshunos Hamid Sodiq mehmon bo‘ldi. Shuningdek, oy davomida podkastda iqtisodchi Behzod Hoshimov ham mehmon bo‘ldi. 28-iyul kuni e’lon qilingan epizoddan keyin esa loyiha mualliflari 2-mavsum tugaganini va tanaffusga chiqishini e’lon qildi.

Markaziy sektor. 11-son. Yevro-2024 yakunlari

O‘tgan oyda futbol bo‘yicha Yevropa chempionati o‘z yakuniga yetdi. Musobaqa davomida Xayrulla Hamidov, Davron Fayziyev, Orif Tolipov va Farrux Xudoyorov “Markaziy sektor” loyihasi orqali futbol olamining eng katta turnirlaridan birini yoritib, o‘z fikrlarini bildirib bordi. Quyidagi video loyihaning iyul oyida eng ko‘p ko‘rilgan soni emas, balki musobaqa yakuniga bag‘ishlangan soni ekanini eslatib o‘tamiz.

Sahna stendap konsert. Islom Karimov, Navro‘z Hikmatov, Zokir Ibodullayev, Avaz To‘xtasinov

Sahna stendap konsertining yangi sonida odatdagidek Islom Karimov boshchilik qildi. Sahnada esa stendap komiklar Navro‘z Hikmatov, Zokir Ibodullayev, Avaz To‘xtasinov, Azizjon Karimov, Abbos Meyliyev chiqish qildi.

Fikr yetakchilari. Rossiyadagi biznes holat, davlat va tadbirkor, oilaviy biznes, o‘zbek tadbirkorlari muammosi

Hikmat Abdurahmonovning “Fikr yetakchilari” podkastining navbatdagi epizodida 20 yillik tadbirkor va Rossiyaning yirik kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Vilgud” asoschisi Sherzod Tursunov mehmon bo‘ldi.

Otasiz podkast. Armonning kattasi menda — otamni so‘nggi manzilga kuzata olmaganman

Xayrulla Hamidovning “Otasiz” podkastida bu safar aktyor Alisher Muhammadjon o‘g‘li (Uzoqov) ishtirok etdi va otasi, uni so‘nggi manzilga kuzata olmagani, hayotiy saboqlari to‘g‘risida gapirib berdi.

1000KITOB podkast. “Biz bu loyihaga hayot-mamot dasturi sifatida qarashimiz kerak”

1000KITOB podkastining 2-sonida siyosatshunos va loyiha eksperti Hamid Sodiq hamda iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan loyiha, tarjima ishlari, iqtisodiyot va siyosiy yo‘nalish hamda o‘zbek tilining nufuzi kabi turli mavzularda podkastlashildi.

Susambil. Kinodagi eng qo‘rqinchli TOP 10 ta maxluq qahramon (+18)

“Susambil”ning mazkur videosida Nodir Nishonov ekranda yaratilgan TOP 10 ta eng qo‘rqinchli va jirkanch ko‘rinishga ega kinoqahramon haqida gapirib beradi.

Qurultoy. Markaziy Osiyoda islomgacha bo‘lgan madaniyat: shaharsozlik, san’at va diplomatiya

Loyihaning mazkur sonida Markaziy Osiyoda islomgacha bo‘lgan madaniyat mavzusida suhbatlashildi. Loyiha muallifi Nodir Nishonov va eksperti Eldar Asanov bu safar mehmon sifatida tarixchi olim, professor, tarix fanlari doktori G‘aybulla Boboyorov hamda falsafa doktori Munira Hotamovani taklif etdi.

Muvaffaqiyat kalitlari. Psixologga psixolog kerak

“102tv”ning “Muvaffaqiyat kalitlari” podkastida bu safar psixolog Nargiz Sattorova mehmon bo‘ldi. Shuningdek, podkastning oy davomida e’lon qilingan boshqa epizodlarida iqtisodchi Behzod Hoshimov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, oliy toifali suhandon Ra’no Jo‘rayeva ham ishtirok etdi.

Fashion gap. Yozgi moda 2024: Rixdinas, MaxFardan va Shateni

“Fashion gap” loyihasi bu oygi sarhisobimizdan ham o‘rin oldi. Uning mualliflari loyiha O‘zbekistondagi jahon modasiga nazar soluvchi ilk podkast ekanini ta’kidlaydi. Navbatdagi sonda tadbirkor va “Mr.Dubai” g‘olibi Ma’rufjon Azimov (MaxFardan), model, dizayner, aktrisa va “Cosmo Models” modellar agentligining asoschisi Madina Mahmudova (Rixdinas) hamda feshn-inflyunser, “Signora by Shateni” kiyim brendining asoschisi Shateni Po‘latova (Shateni) bilan jahon brendlar namoyishi muhokama qilindi.

EKG. EKG stendap 4

“EKG” loyihasining navbatdagi sonida stendap komiklar Abbos Serobov, Azimbek Xushmamatov, A’zam Muhiddinov, Azizjon Karimov va Izzatilla Chorixo‘jayev o‘z hazillari bilan chiqish qildi.

Uzbekonomics. Moliya va bank tizimining iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni

“Uzbekonomics” podkastining bu epizodida iqtisodchilar Botir Qobilov va Behzod Hoshimov noan’avaniy tarzda, ya’ni Toshkent shahrida tomoshabinlar qarshisida suhbatlashdi. Epizodda moliya va bank tizimining ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rni haqida gap boradi. Podkast yakunida iqtisodchilar tomoshabinlarning savollariga ham javob berib o‘tdi.

Kino ko‘rdim. Texnoplov, Bekzod Yusupov, Abdulaziz Hakimovich

Iyul oyida sarhisobimizdan o‘rin olgan yangi loyiha bu — “Kino ko‘rdim”. Bu ko‘rsatuvda boshlovchilar Abdulaziz Hakimovich va Bekzod Yusupov loyiha mehmoni bilan birgalikda, mashhur va qiziqarliy filmlar doirasida suxbat qurishadi. Dastlabki mehmon sifatida esa “Texnoplov” loyihasi muallifi Sadulla Abdullayev taklif etildi.

Aslida. Sanjar Nazar bilan

Mehrinoz Abbosova uzoq tanaffusdan so‘ng “Aslida” loyihasining navbatdagi sonini taqdim etdi. Bu safargi mehmon — “Akademnashr” nashriyoti rahbari Sanjar Nazar.

+1 podkast. O‘zbekistonda turizm: sayohatlar, Yevropaga viza va 2024-yildagi top-yo‘nalishlar

“+1 podkast”ning 6-sonida turizm bo‘yicha 10 yildan oshiq tajribaga ega, Fun&Sun kompaniyasi direktori Daniyar Tursanov sayohatlarga oid ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Hoshimov iqtisodiyoti. Stiven Durlauf — Tengsizlik, o‘sish va iqtisodiy tahlilda sotsiologik g‘oyalar

“Hoshimov iqtisodiyoti” loyihasining yangi sonida iqtisodchi Behzod Hoshimov Chikago universiteti professori Stiven Durlauf bilan suhbatlashdi. Behzod Hoshimovning qayd etishicha, mehmon dunyodagi eng yaxshi iqtisodchilardan bir hisoblanadi.

“Diqqat, savol!” podkasti. “Ikkichi”larni ham qiziqtirgan “Zakovat”, zakovatchilar bilan suhbat

“Diqqat, savol!” podkastining bu sonida boshlovchi Nurbek Alimov mashhur zakovatchilar — Furqat Qurbonov, Aziza Ibragimova, Bahodir Anorov hamda Madina Mirzarahmatova bilan “Zakovat”ning bolalarni rivojlantirishdagi o‘rni va uning foydalari, “Zakovat”dagi hayajonlar, mashg‘ulotlar, yangi loyihalar va ayollar turnirlari haqida suhbatlashdi.

Piyoda gurung. Behzod Hoshimov bilan Anhor kanali bo‘ylab

“Piyoda gurung” loyihasining yangi sonida urbanist Iskandar Soliyev iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan Toshkentning eng salqin hududlaridan biri bo‘lgan Anhor kanali bo‘ylab urbanizmning iqtisodiy tomonlari haqida suhbatlashdi.

Cubic. Mijozlarni jalb qilish | Kontent marketing | Shohbozbek Dolimov | 2-mavsum 6-son

“Cubic” podkastining navbatdagi sonida Shohbozbek Dolimov mehmon bo‘lib, kontent-marketing bo‘yicha o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

Siz-chi, qaysi loyihalarni kuzatib borasiz?

Keyingi sarhisobda yana qaysi loyihalar e’tiborga olinishi kerak deb o‘ylaysiz? Bu haqda Telegram’dagi botimiz orqali bizga yozing: @GazetauzFeedbackBot.