O‘zbekistonlik bokschi Lazizbek Mullojonov 10-avgustga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan jang yakunlari bo‘yicha Parij-2024 Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Debyut Olimpiadasida 92 kilogrammgacha vazn toifasida ishtirok etgan 25 yoshli o‘zbekistonlikka musobaqa “oltin”i uchun jangda kelib chiqishi kubalik ozarbayjonlik bokschi raqib bo‘ldi. 29 yoshli Loren Alfonso Dominges 2021-yilda jahon chempioni va 2023-yilda vitse-jahon chempioni, Tokio-2020 o‘yinlari bronza medali sovrindori bo‘lgan.

Birinchi raundda o‘zbekistonlik jangchi birinchi raqamda harakat qildi, raqibi qarshi hujumlar ustida ishladi. Jang teng kurashlar ostida o‘tdi, ammo faolligi tufayli Mullojonov birinchi raundga ega chiqdi (5:0). Mullojonov pressingni davom ettirdi va ketma-ket yaxshi hujumlar uyushtirdi va bu unga ikkinchi raundda ham oldinda bo‘lish imkonini berdi (5:0). So‘nggi uch daqiqada Dominges tashabbusni qo‘lga olishga urindi va buni qisman uddaladi, ammo raund baribir O‘zbekiston vakiliga ketdi (3:2).

Yakuniy hisob — 5:0 (30:27, 30:27, 30:27, 29:28 va 29:28).

Bronza medallari tojikistonlik Davlat Boltayev va ispaniyalik Enmanuel Reyesga nasib qildi.

Shu tariqa Lazizbek Mullojonov ushbu Olimpiadada Xasanboy Do‘smatov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevdan keyin oltin medalni qo‘lga kiritgan uchinchi o‘zbekistonlik bokschi bo‘ldi. Oldinda Bahodir Jalolov va Abdumalik Xalokovning ham final janglari kutilmoqda.

Bu O‘zbekistonning Olimpiadadagi beshinchi oltin medali — O‘zbekiston uchun eng yaxshi bo‘lgan 2016-yil Olimpiadasidan (4) ko‘proq. Bu terma jamoaga medallar jadvalida (soat 01:58 holatiga ko‘ra) 15-o‘rindan 14-o‘ringa ko‘tarilish imkonini berdi.

Lazizbek Xasanjonovich Mullojonov 1999-yil 13-mayda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Uning birinchi ustozi — Sherzod Husanov, Alisher To‘ychiyev rahbarligida esa Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rgan. 2017-yildan buyon O‘zbekiston terma jamoasi vakili hisoblanadi.

2021-yilgi harbiylar bo‘yicha jahon chempioni. 2022-yilda Iordaniyada bo‘lib o‘tgan qit’a chempionatida superog‘ir vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan. 2023-yilda Toshkentda o‘tkazilgan jahon chempionatining bronza medali sovrindori. Mullojonov erishgan muvaffaqiyatlari uchun “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan.