O‘zbekiston taekvondochisi Ozoda Sobirjonova 10-avgustga o‘tar kechasi Parijdagi Olimpiada o‘yinlarining bronza medali uchun kechgan jangda mag‘lub bo‘ldi.

21 yoshli Sobirjonova (67 kg gacha) 1/8 finalda 2022-yilgi jahon vitse-chempioni va 2023-yilgi Yevropa o‘yinlari chempioni serbiyalik 22 yoshli Aleksandra Perishich bilan uchrashdi. O‘zbekistonlik birinchi raundni qo‘lga kiritdi (5:0), ammo keyingi ikkitasida mag‘lub bo‘ldi (4:8, 0:2). Yakuniy hisob — 1:2.

Uning raqibi finalga chiqdi va bu Sobirjonovaga takroriy bahslarda bronza medali uchun kurashish imkonini berdi va u tailandlik Sasikarn Tongchan ustidan umumiy 2:1 (2:7, 8:1, 11:0) hisobida irodali g‘alabaga erishdi.

Bronza uchun kurashda u kattalar va yoshlar o‘rtasida 2022-yilgi jahon chempioni, 2024-yilgi Yevropa o‘yinlari chempioni belgiyalik 19 yoshli Saara Chariga qarshi chiqdi.

Ozoda Sobirjonova birinchi raundda ishonchli g‘alabaga erishdi (16:0), ikkinchisida esa mag‘lub bo‘ldi. Shu bilan birga, u ikkinchi raundning eng oxirida (2:3) g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Uchinchi raundda o‘zbekistonlik yana peshqadamlikni qo‘lga oldi, o‘shanda murabbiy boshga berilgan zarbani qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan va natijada 3 ochko berilgandi. U jang tugashiga uch soniya qolganida 4:2 hisobida g‘alaba qozonayotgan edi, biroq Saara Chari so‘nggi soniyalarda hisobni tenglashtirdi va Sobirjonovani chegara chizig‘idan o‘tib ketishga majbur qildi. O‘yin tugashiga millisekundlar qolganda uning tanasi sirtga tegdi va u hal qiluvchi jarima ochkosini oldi (4:5). Yakuniy hisob 1:2.

Ozoda Sobirjonova 2002-yilda Jizzax viloyati Zomin tumanida tug‘ilgan. 2017-yildan O‘zbekiston terma jamoasi vakili. Uning birinchi ustozi Dadaxon G‘afforov. Olimpiadaga Jasur Bayqo‘ziyev boshchiligida tayyorgarlik ko‘rgan.

2018-yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2019-yilda tengdoshlari o‘rtasidagi qit’a chempionatida u bronza medali bilan taqdirlangan. Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida Sobirjonova aralash jamoaviy bahsda bronza medalini qo‘lga kiritgan.