Samarqand viloyatida haydovchilik guvohnomasi uchun fuqarolardan imtihonlarni qabul qiluvchi yangi imtihon markazi ish boshladi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar qildi.

Ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i polkovnik Sherzod Ibragimov, viloyat IIB boshlig‘i Rahmat Mamatov hamda YHXB boshlig‘i Shavkat Bayxo‘rozov, shuningdek, boshqa mutasaddi rahbarlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Markazdagi shart-sharoitlar va inson omilisiz, avtomatlashtirilgan tizim bilan tanishildi.

Sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov ushbu imtihon markazlari ochilishi haqida gapirar ekan, qaysi hududda shunday imtihon markazi ochilsa, o‘sha yerda davlat o‘z funksiyasini tugatishini aytgandi.

“Endi davlat nima qilyapti, davlat aytayaptiki, biz yangi tizim qilamiz: Mana shunaqa talablar bo‘ladi. U yerda inson omilisiz elektron ravishda haydovchiga baho beradigan tizim bo‘lishi kerak, deyapti. O‘sha talablarni belgilab qo‘yyapti. Agarda qaysi hududda shu talablarga mos ravishda xususiy sektordan tadbirkor kirib kelsa, davlat o‘zining shu funksiyasini tugatadi, deyapti. Qaysi viloyatda ochilsa, shu yoqdagi davlat tizimi tugaydi”, — deya ta’kidlagandi vazir.