Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlari O‘zbekiston uchun mamlakat mustaqil taraqqiyoti tarixidagi eng muvaffaqiyatli o‘yin bo‘ldi.

O‘zbekiston Olimpiadaga jami 90 nafar sportchi yuborgandi. Ular musobqada 13 ta medal — 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzani qo‘lga kiritdi. Respublika medallar hisobida 206 davlat orasida 13-o‘rin, Markaziy Osiyo, MDH, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar orasida 1-o‘rin, Osiyo bo‘yicha esa 4-o‘rinni (Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin) egalladi.

O‘zbekiston delegatsiyasining yozgi Olimpiadalarda ko‘rsatgan natijasi va umumjamoa reytingida egallagan o‘rni:

  • Atlanta-1996: 1 kumush, 1 bronza (jami 2 ta) — 58-o‘rin;
  • Sidney-2000: 1 oltin, 1 kumush, 2 bronza (4 ta) — 43-o‘rin;
  • Afina-2004: 2 oltin, 1 kumush, 2 bronza (5 ta) — 34-o‘rin;
    Pekin-2008: 1 kumush, 3 bronza (4 ta) — 62-o‘rin;
  • London-2012: 3 bronza (3 ta) — 75-o‘rin;
  • Rio-2016: 4 oltin, 2 kumush, 7 bronza (13 ta) — 21-o‘rin;
  • Tokio-2020: 3 oltin, 2 bronza (5 ta) — 32-o‘rin;
  • Parij-2024: 8 oltin, 2 kumush, 3 bronza (13 ta) — 13-o‘rin.

2021-yilning avgust oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiada o‘yinlarida kuchli 15 talikdan joy olish uchun mamlakatda barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlagandi.

“Yuksalish” harakatining infografikasi.“Yuksalish” harakatining infografikasi.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi medallar hisobida birinchi o‘rin bilan dunyoning eng kuchlisi bo‘ldi. Erkaklar jamoasidagi 7 nafar bokschidan 5 nafari oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Olimpiada sovrindorlari:

Oltin medal:

  • Diyora Keldiyorova (dzyudo, -52 kg);
  • Ulug‘bek Rashitov (taekvondo WT, -68 kg);
  • Razambek Jamalov (erkin kurash, -74 kg);
  • Hasanboy Do‘smatov (boks, -51 kg);
  • Abdumalik Xalakov (boks, -57 kg);
  • Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (boks, -71 kg);
  • Lazizbek Mullojonov (boks, -80 kg);
  • Bahodir Jalolov (boks, +92 kg).

Kumush medal:

  • Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika, -102 kg);
  • Svetlana Osipova (taekvondo WT, +67 kg).

Bronza medal:

  • Muzaffarbek To‘raboyev (dzyudo, -100 kg);
  • Alisher Yusupov (dzyudo, +100 kg);
  • G‘ulomjon Abdullayev (erkin kurash, -57 kg).

олимпиаda 2024, олимпия o‘yinlari, париж 2024

Qayd etish kerakki, O‘zbekistondan bir qancha sportchilar tarixiy yutuqlarga erishdi. Xususan, Diyora Keldiyorova O‘zbekiston tarixida dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi sportchi bo‘ldi. Bungacha dzyudochilar ikkita kumush (1996-yilda Armen Bagdasarov va 2008-yilda Abdulla Tangriyev), shuningdek, 5 ta bronzaga (2008, 2012 va 2016-yillarda Rishod Sobirov, 2016-yilda Diyorbek O‘rozboyev va 2020-yilda Davlat Bobonov) ega bo‘lishgan.

Shuningdek, u yozgi Olimpiya o‘yinlarida ayollar o‘rtasida O‘zbekistonda oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi sportchi hamdir. Bungacha yagona “oltin”ni 1994-yilda qishki Olimpiada o‘yinlarida erkin chang‘ichi Lina Cheryazova qo‘lga kiritgan edi.

Tokio-2020 Olimpiadasida Ulug‘bek Rashitov oltin medalni qo‘lga kiritgandi va shu bilan o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochgandi. Aynan u 19 yoshida o‘ziga Olimpiya chempioni unvonini berishga muvaffaq bo‘lgan birinchi o‘zbek taekvondochisi va O‘zbekiston tarixidagi eng yosh Olimpiya chempioni bo‘lgan. Parijda esa u bokschilar Hasanboy Do‘smatov va Bahodir Jalolov bilan birga ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ldi.

Taekvondochi Svetlana Osipova O‘zbekiston tarixidagi ayollar o‘rtasidagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida Pekin-2008da Yekaterina Xilko (batut) va Parij-2024da Diyora Keldiyorovadan (dzyudo) keyin uchinchi medalni qo‘lga kiritdi. Osipova, shuningdek, taekvondo bo‘yicha O‘zbekistonning birinchi Olimpiada kumush medalini qo‘lga kiritgan sportchi hisoblanadi.

O‘zbekiston uchun kurashgan rossiyalik kurashchi Razambek Jamalov Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘llga kiritdi va bu O‘zbekiston uchun erkin kurash bo‘yicha so‘nggi 20 yil ichida birinchi medal bo‘ldi.

11-avgust kuni “Stad de Frans” stadionida Olimpiadaning yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdori taekvondo WT bo‘yicha ikki karra Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashitov bo‘ladi.

Olimpiada o‘yinlari yakunlariga ko‘ra, AQSh terma jamoasi 2024-yilgi Olimpiada o‘yinlarida medallar jamg‘armasi bo‘yicha birinchilikni qo‘lga kiritdi. Amerikaliklar hisobida 127 medal (40 oltin, 44 kumush, 43 bronza) bor. Xitoylik sportchilar 91 ta medal (40 oltin, 27 kumush, 24 bronza) jadvalda ikkinchi o‘rinni, Yaponiya esa uchinchi o‘rinni (45 medal: 20 oltin, 12 kumush, 13 bronza) egalladi.