Turkiyada 9 kundan buyon kirish cheklangan Instagram ijtimoiy tarmog‘i 10-avgust, shanba kuni soat 21:30 dan blokdan chiqarildi, deya xabar bermoqda Reuters agentligi.

2-avgust kuni mamlakat Texnologiyalar va kommunikatsiyalar kengashi (TKK) mamlakatda Instagram`ga kirishni bloklagandi. Bu qaror platforma turkiyalik foydalanuvchilarning HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniyaning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan postlarini o‘chirib tashlagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

To‘qqiz kunlik taqiq foydalanuvchilar va kichik biznes egalarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya Instagram`dan foydalanish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turadi, mamlakatda 57 milliondan ortiq kishi undan ro‘yxatdan o‘tgan.

Transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘li X ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan postida Instagram bilan olib borilgan muzokaralar natijasida platforma talablarni bajarishga va foydalanuvchilarga qo‘yilgan senzurani tartibga solishga rozi bo‘lganini bildirdi.

“Biz boshidanoq ijtimoiy media platformalari Turkiya qonunlarini hurmat qilishini xohlagan edik. Instagram rasmiylari bilan olib borgan muzokaralarimiz natijasida, ular bizning talablarimizni qondirishga, ayniqsa, katalog jinoyatlar (unga qotillik, jinsiy zo‘ravonlik, giyohvand moddalar savdosi, qiynoqlar kabilar kiradi) doirasida va foydalanuvchilarga qo‘yilgan senzura ustida birgalikda ishlashga va’da berishdi”, — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Instagram`ga egalik qiluvchi Meta kompanisi Turkiya qonunlariga rioya qilishga, ba’zi jinoyatlar yoki “terrorchilik tashviqoti” elementlarini o‘z ichiga olgan postlarni olib tashlashga rozi bo‘lgan.

Kompaniyaning o‘zi hozircha bunga izoh berganicha yo‘q. Internet monitoringini o‘tkazuvchi tashkilot NetBlocks`ning yozishicha, mazkur blok yillar davomida platformaga qo‘yilgan eng uzoq muddatli taqiq bo‘ldi.