Parij Olimpiadasining finaligacha yetib borgan O‘zbekiston terma jamoasi bokschisi 24 yoshli Abdumalik Xalokov qirg‘izistonlik raqibini 5:0 hisobida yengib, oltin medalga ega chiqdi.

O‘zbekistonlik sportchi birinchi raundda masofani yaxshi ushlab, qarshi hujumlarda aniq harakat qildi va bu unga birinchi raundni zabt etishga imkon berdi (5:0). Ikkinchi raundda Xalokov yana o‘sha uslubda davom etdi: u qo‘llarini pastga tushirib olgani, ringda ko‘p harakat qilganidi, hatto ba’zan raqsga tushgani ham sezildi. Jang yakunigacha Abdumalik o‘z ustunligini oshirdi. Shuning bilan uchrashuv natidasi uning hisobiga hal bo‘ldi (5:0).

Abdumalik Xalokov bungacha yarim finalda Tinch okeani o‘yinlari chempioni bo‘lgan avstraliyalik 22 yoshli Charli Seniorni 5:0 hisobida (30/27, 30/27, 30/27, 30/28, 30/28) mag‘lub etdi. Chorak finalda ispaniyalik Joze Brotonsni mag‘lub etdi. Musobaqadagi ilk jangini shvetsiyalik Nebil Ibrohimdan ustun keldi.
28 yoshli qirg‘izistonlik Munarbek Seyitbek o‘g‘li esa finalgacha bolgariyalik Ibanez Diazni, chorak finalda amerikalik Jamal Harbeyni, nimchorak bosqichda esa kubalik Ivan Rodrigezni mag‘lub etdi.

Eslatib o‘tamiz, qirg‘izistonlik sportchi chorak final jangini o‘tkazayotganda unga o‘zbekistonlik murabbiy sekundantlik qilgandi.

Xalokovning g‘alabasi O‘zbekiston terma jamoasiga 7-oltin medalni taqdim etdi. Shuningdek, bu boksdagi to‘rtinchi oltin medal hisoblanadi. Milliy terma jamoa Rio-2016 Olimpiadasidagi eng yaxshi natijasini yangilashda davom etib, medallar jadvalida 13-o‘rinni egallab turibdi.