Parij Olimpiadasining boks turnirida eng og‘ir vazn toifasida (+92 kg) final jangi bo‘lib o‘tdi. Unda Tokio Olimpiadasi chempioni o‘zbekistonlik Bahodir Jalolov ispaniyalik Ayyub Gadfani mag‘lub etdi.

Uchrashuvning dastlabki bo‘limida ikkala tomon ham turli zarbalar berganiga qaramay, Ayyub Gadfa 2 marta nokdaun holatiga ham tushib qoldi. U 2-bo‘limda ham Jalolovdan raqsga tushib yo‘llangan xavfli zarbalarni qabul qildi. Hal qiluvchi bolimda ham Jalolov mutlaq ustunlik qildi. Yakunda hisob 5:0 ko‘rinishida tugadi.

Finalgacha Bahodir Jalolov kelib chiqishi kamerunlik nemis bokschisi Nelvi Tiafakni yengdi. Chorak finalda avstraliyalik Teremoana Juniorni, nimchorak finalda esa norvegiyalik Omar Shihadan 5:0 hisobida ustun keldi.

O‘zbekistonlik jrkak bokschilar Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari doirasida bugungi final janglariga ajoyib nuqta qo‘ydi. Erkaklar terma jamoasi Olimpiadani 5 ta oltin medal bilan yakunlamoqda. Yigitlar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Shuning bilan, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzaga yetmoqda.