Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichevning yurak xurujidan keyingi ahvoli mo‘tadil, deb baholanmoqda. Bu haqda Boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bir kun avval Britaniya matbuoti o‘zbek bokschisi Hasanboy Do‘smatovning Olimpiada oltin medalini nishonlayotgan mashg‘ulot maydonida yurak xurujiga uchragan Qilichevni britaniyalik boks shifokori Xarj Singx va fizioterapevt Robbi Lillis davolagani haqida xabar bergandi. Singx sun’iy nafas bergan, Lillis esa defibrillyator amaliyotini qo‘llagan.

Boks federatsiyasi xabarida bu haqida aytilmagan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, bosh murabbiyning “sog‘ligida biroz muammolar kuzatilgan hamda sportchilar kiyinish xonasida tashkiliy qo‘mita shifokorlari tomonidan murabbiyga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgan”.

“Hozirgi kunda murabbiyimizning sog‘ligi mo‘tadil, o‘zini yaxshi his qilmoqda. Biroz [tibbiy] muolajalar olishi talab etiladi”, — deya qayd etdi federatsiya.

Tashkilot, shuningdek, To‘lqin Qilichev O‘zbekistonning “butun dunyo boksida birinchi bo‘lishida” ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi. “To‘lqin Qilichevga sog‘lik tilab, tezroq safimizga qaytishini kutib qolamiz. Ishonamizki, tez kunlarda jamoamiz safiga qaytib, yana bokschilarimizni g‘alabalar tomon boshlab boradi”, — deyiladi xabarda.

boks federatsiyasi, олимпиада ўйинлари, париж-2024, тўлқин қиличев

Olimpiadada boks bo‘yicha medallar jamg‘armasi g‘olibi O‘zbekiston bo‘ldi, mamlakat vakillari — erkaklar jamoasining yetti nafar a’zosidan beshtasi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu reytingda ikkinchi o‘rinni bokschilari uchta oltin va ikkita kumush medalni qo‘lga kiritgan Xitoy egalladi. Xitoy Taypeyi bitta oltin va ikkita bronza medali bilan uchinchi bo‘ldi.

Ikki bokschi — Hasanboy Do‘smatov (-51 kg) va Bahodir Jalolov (+92 kg) ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ldi. Rio-2016 o‘yinlarida ham O‘zbekiston 7 ta medal (3−2−2) bilan birinchi o‘rinni egallagandi.

boks federatsiyasi, олимпиада ўйинлари, париж-2024, тўлқин қиличев

Bokschilar va boshqa sportchilarning muvaffaqiyati O‘zbekistonga Olimpiadada 13 ta medal (8−2−3) bilan umumjamoa hisobida 13-o‘ringa ko‘tarilib, tarixdagi eng yaxshi natijasini ko‘rsatish imkonini berdi.