6-avgust kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev 2024-yilda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha axborot berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan o‘quv yilini tugatgan 214 ming nafar bitiruvchining to‘liq ro‘yxati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan olingan va bandlikka oid ma’lumotlar bazasi bilan solishtirilgan. Shundan 88 ming nafari (yoki 41 foizi) shartnoma asosida korxona va tashkilotlarga qabul qilingan.

“126 mingi (yoki 59 foizi) hali ish topolgani yo‘q. Ishsiz bitiruvchilarni tamomlagan soha yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlariga mos kelishi imkoniyatini solishtirib chiqdik, tahlil qildik. 95 ming nafar bitiruvchini 102 ming bo‘sh ish o‘rniga ishga joylashtirish imkoniyati borligi aniqlandi. Hozirgi kunda har bir bitiruvchini tuman, shahar kesimida o‘zi turadigan joyiga qarab (agar poytaxtda ish izlayotgan bo‘lsa, poytaxtda) avgust-sentabr oylarida ishga joylashtirish ustida ish olib bormoqdamiz”, — dedi u.

Behzod Musayevning aytishicha, hozirda mamlakatda 358 mingta bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 112 mingtasi oliy ma’lumotga ega bo‘lishni talab qiladi.

Bo‘sh ish o‘rinlarining umumiy sonidan 81 mingtasi davlat organlarida, 277 mingtasi esa xususiy sektorda. Eng ko‘p o‘rinlar quyidagi sohalarda kuzatiladi:

  • xizmat ko‘rsatish — 96 ming;
  • ta’lim — 56 ming;
  • sanoat va ishlab chiqarish — 57 ming;
  • qishloq xo‘jaligi — 48 ming;
  • qurilish — 32 ming;
  • sog‘liqni saqlash — 26 ming;
  • moliya va sug‘urta — 5 ming;
  • aloqa va axborot texnologiyalari — 7 ming;
  • madaniyat — 4 ming.

Shuningdek, yilning ikkinchi yarmida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘riladi. Ular o‘z ichiga qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarni qamrab oladi.

2023-yilning fevral oyida sobiq oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishga joylashmagan bitiruvchilari ko‘p bo‘lgan nodavlat oliy o‘quv yurtlari sifatsiz ta’lim beruvchi muassasa sifatida tan olinishi va ularning faoliyati tugatilishi mumkinligi haqida gapirgandi. Uning mazkur bayonoti tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘ldi, vazirlik esa bunga javob qaytardi (batafsil).

Yil boshida ishsizlar soni 1,3 mln kishini tashkil etgan bo‘lsa, bu yil yana 2,4 mln kishi mehnat bozoriga kiradi. 2024-yilda 5 mln aholi ish bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Prezident, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun yagona hisobotlar tizimini joriy etish bo‘yicha ham topshiriq bergan.

Davlat rahbari, shuningdek, yoz oylarida 100 ming yoshni ish bilan ta’minlash uchun qurilish otryadlari tashkil etish reja qilinganini aytgandi.