Namangan viloyati Pop tumanidagi maktablardan birining direktori o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun jarimaga tortildi, deya xabar bermoqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, tumandagi 43-maktab direktori ta’til bo‘lishiga qaramay, pedagoglarni chaqirib, soat 16:00 gacha maktab hududidagi o‘t-o‘lan, beda va ajriqlarni yuldirgan. Biroq direktor bunday qonun-qoidalarning tashabbuskori emasligini aytgan, kimning buyrug‘i ekanligiga esa javob berishni istamagan.

“O‘zim ham birga o‘sha yerlarni tozalayman. Endi oylik olgandan keyin ularga ham nimadir ish topib berish kerak-ku. Ichkarida ish yo‘q. Hamma joyda shunday. Saylov jarayonlari boshlandi. Nazorat uchun kelganlar obodonlashtirishni ko‘radi”, — degan direktor.

Bandlik vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirarkan, Mehnat kodeksining 5-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 349 sonli qaroriga zid ravishda muassasa xodimlari maktab hovlisida tozalov ishlariga jalb etilganini aniqladi.

Shu sababli, tashkilot rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (17 mln so‘m) miqdorida ma’muriy jarima qo‘llandi.