Dam olish kunlari kuzatilgan nisbatan salqin ob-havodan so‘ng, dushanbadan boshlab O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo harorati yana ko‘tarila boshlaydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

12−15-avgust kunlari respublika hududining katta qismida kunduz kunlari havo +37…+40 darajagacha, janubda +42…+43 darajagacha isiydi.

15-avgust kuni salqin havoning yana bir qismi O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga kirib keladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati +28…+33 darajagacha pasayadi.

16-avgust, juma kuni nisbatan salqin havo sharqqa tomon harakatlana boshlaydi va havo haroratining pasayishi O‘zbekistonning barcha hududini qamrab oladi. Havo harorati kunduzi +33…+36, shimoli-g‘arbiy hududlarda +28…+33 daraja atrofida, respublika janubida +40 darajagacha bo‘ladi.

Ushbu kunlarda O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq ob-havo saqlanib turadi. Faqat 13 va 15-avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ayrim joylarda, shuningdek, 15−16-avgust kunlari Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim tog‘li hududlarida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayadi, chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.

Toshkent shahrida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi, 16-avgustda 10−12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat asosan kechalari +22…+25, kunduz kunlari 12−15-avgustda +37…+39, 16-avgustda +34…+36 daraja bo‘ladi.