Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari Toshkentda tantanali ravishda kutib olinadi. Delegatsiya samolyotda 12-avgust kuni taxminan soat 19:00 da Toshkentga yetib keladi, deb xabar bermoqda Sport vazirligi matbuot xizmati.

Sportchilar prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan Toshkent aeroportining 3-terminalida kutib olinadi.

париж 2024, olimpiya ўйинлари, olimpiya ўйинлари 2024

Rasmiy marosimdan so‘ng Olimpiya chempionlari va sovrindorlari qo‘riqchilar hamrohligida aeroportdan Milliy olimpiya qo‘mitasi binosigacha — Bobur, Nukus, Oybek, Sharof Rashidov, Shahrisabz ko‘chalari, Amir Temur xiyoboni, Islom Karimov ko‘chalari orqali harakatlanadi.

Sportchilarni ko‘rishni istovchilar marshrut bo‘ylab maxsus ajratilgan nuqtalarda tabriklash uchun chiqishlari mumkin bo‘ladi. Marshrut va sportchilarni kuzatish nuqtalari vazirlikning maxsus videolavhasida ko‘rsatilgan. Rasmdagi doira shaklida belgilangan nuqtalarda fuqarolar xavfsizlik chora-tadbirlariga qat’iy rioya qilgan holda chempionlarni g‘alabalar bilan qutlashlari mumkin.

2024-yilgi Parij Olimpiadasi O‘zbekiston uchun mamlakat mustaqilligi tarixidagi eng muvaffaqiyatli Olimpiada bo‘ldi. O‘zbekiston unda 13 ta medal (8−2−3) bilan 206 ta davlat orasida umumiy medallar hisobida 13-o‘rinni, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni, MDHda 1-o‘rinni, Osiyoda 4-o‘rinni egalladi.