Shavkat Mirziyoyev sportchilarning Parij Olimpiadasidagi ishtiroki munosabati bilan xalqni tabrikladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

“Tokio Olimpiadasidan keyin yaxshi niyat bilan top-15 ga kiramiz deb, oldimizga katta maqsad qo‘ygan edik. 208 ta davlat vakillari qatnashgan musobaqada sportchilarimiz yuksak matonat, mahorat va iroda ko‘rsatib, dunyoda 13-o‘rin, Osiyoda 4-o‘rin, turkiy, musulmon va MDH davlatlari orasida 1-o‘rinni egalladi. Biryo‘la 3 nafar sportchimiz „ikki karra olimpiya chempioni“, degan yuksak sharafli nomga sazovor bo‘ldi”, — dedi prezident.

“Bu yangi O‘zbekiston yoshlari nimaga qodir ekanini butun dunyoga ko‘rsatib, ularning natijalari tariximizda zarhal harflar bilan muhrlandi”, — dedi u.

“Barcha sportchilarimiz, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari yangi O‘zbekistonning chinakam qahramonlaridir! Ular bilan har qancha faxrlansak arziydi, ular bizning g‘ururimiz!” — dedi davlat rahbari.

Parijdagi Olimpiada O‘zbekiston uchun mamlakat mustaqil taraqqiyoti tarixida eng muvaffaqiyatlisi bo‘ldi, jamoa jami 90 nafar sportchi yuborgandi. Ular musobaqada 13 ta medal — 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzani qo‘lga kiritdi.

Avvalroq prezident bokschilar Bahodir Jalolov va Abdumalik Xalokov, erkin kurashchi Razambek Jamalov, taekvondochi Svetlana Osipova va og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev hamda erkin kurashchi G‘ulomjon Abdullayev bilan telefon orqali muloqot qilgandi.

Shuningdek, prezident telefon orqali Ulug‘bek Rashitov va Hasanboy Do‘smatovni Olimpiadadagi g‘alabasi bilan tabriklagan.