Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirish to‘g‘risida farmonni imzoladi.

Hujjat “aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarning daromadlarini izchil oshirib borish siyosatini davom ettirish hamda ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, shuningdek, pedagog va tibbiyot xodimlari mehnatini qo‘shimcha rag‘batlantirish”ga qaratilgan.

Farmon bilan 2024-yil 1-sentabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 15 foizga oshiriladi. Bunda:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 428 000 so‘m;
  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 834 000 so‘m;
  • nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori — oyiga 920 000 so‘m etib;
  • fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar miqdorlari ilovaga muvofiq belgilanadi.

2024-yil 1-oktabrdan boshlab:

  • budjet tashkilotlarida ishlovchi tibbiyot xodimlari, shuningdek, maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va tashkilotlari, “Muruvvat” internat uylari, bolalar va mehribonlik uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlovchi pedagog xodimlarning ish haqi miqdori — 15 foizga oshiriladi;
  • budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori — 10 foizga oshiriladi, mazkur bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan xodimlar bundan mustasno;
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 1 155 000 so‘m;
  • bazaviy hisoblash miqdori — 375 000 so‘m etib belgilanadi.

budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Davlat budjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etiladi.