Salim Abduvaliyev (“Salimboy”)ning o‘limi haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

11-avgust kuni YouTube`dagi “Avtoritet” kanalida 19-mart kuni 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan tadbirkor, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Salim Abduvaliyevning o‘limi haqidagi videorolik paydo bo‘ldi.

Bu ma’lumotni huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov Facebook`dagi sahifasida e’lon qildi va buning yolg‘on ekaniga umid bildirdi.

Salim Abduvaliyevning hibsga olingani haqida o‘tgan yilning dekabrida xabar berilgandi. Bu O‘zbekiston bo‘ylab “ko‘cha guruhlari” va jinoiy guruh a’zolarini aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar doirasida sodir bo‘ldi.

Dastlab unga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi — o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlashda gumon qilinuvchi shaxs sifatida jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. Keyin ish o‘sha moddaning 2-qismiga — takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan harakatlarga o‘zgartirildi. Kodeksga muvofiq, ushbu moddada nazarda tutilgan ashyolarni ixtiyoriy ravishda topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirobod tuman sudining 19-mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shu bilan birga, Salim Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) 1-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgani sababli jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, jinoyat ishining shu qismi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi (Ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asoslar) 1-qismi 1-bandiga asosan tugatilgan.

Oliy sud saytida sudya Sardorbek Sodiqov tomonidan imzolangan 1−1002−2401/155 raqamli “Salimboy” ishi bo‘yicha qaror bo‘m-bo‘sh bo‘lib chiqdi, shu sababli hukm tafsilotlarini aniqlab bo‘lmayapti.

Salim Abduvaliyev (1950-yilda tug‘ilgan, nafaqada, sudlanmagan)

74 yoshli tadbirkor 2017-yil yanvar oyidan buyon O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va mamlakat sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi lavozimlarida ishlab kelayotgandi. Abduvaliyev sport faoliyatiga qo‘shgan hissasi uchun 2015-yilda “Do‘stlik” ordeni, 2021-yilda esa “Xizmat ko‘rsatgan sport murabbiyi” unvoni bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari 2023-yil dekbar oyi boshida Salim Abduvaliyevni qo‘lga olgan. Shundan so‘ng Toshkent shahri huquq-tartibot idoralari Abduvaliyevga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini tanlagan.

Avgust oyi boshida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Salim Abduvaliyev tomonidan “Bratskiy krug” xalqaro jinoiy guruhi tarkibiga kirgan Qamchibek Asanbek (Qamchi Ko‘lboyev) uyushgan jinoiy guruhi faoliyati moliyalashtirilgani faktlarini aniqlagan. Maxsus xizmatning ta’kidlashicha, Abduvaliyev shu tariqa Qirg‘iziston va MDH davlatlariga o‘z ta’sir doirasini kengaytirishni maqsad qilgan. Abduvaliyev Qirg‘izistonda Interpol tomonidan qidiruvga berilgan.