O‘zbekistonda quyosh panellarini o‘rnatishda yer va mol-mulk solig‘i imtiyozlaridan to‘liq foydalanish bo‘yicha cheklov bekor qilinadi. Shavkat Mirziyoyev 12-avgust, dushanba kungi yig‘ilishda Soliq qo‘mitasiga shunday ko‘rsatma berdi.

2023-yil 1-apreldan boshlab qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan uskunalar o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ushbu uskuna uchun mol-mulk solig‘i, u egallab turgan uchastka uchun yer solig‘i (Soliq kodeksi 428-moddasi) va ishlab chiqarilgan energiyani sotishdan olingan foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilingan.

Prezidentning joriy yil 10-yanvardagi qarori bilan imtiyozlar berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Xususan, umumiy quvvati 100 kVt gacha bo‘lgan QTEM qurilmalarini o‘rnatgan va foydalanuvchi shaxslar foydalanishga topshirilgan kundan boshlab 3 yil muddatga quyidagi soliqlarni to‘lashdan ozod qilinadi:

  • ushbu qurilmalar bo‘yicha — yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, alohida turuvchi qurilmalar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari bo‘yicha — yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini, elektr energiyasini umumiy tarmoqqa sotishdan olingan foyda bo‘yicha — foyda solig‘ini;
  • uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i (bungacha — faqat jihozlar egallagan qismi uchun)

Agar qurilmalar o‘rnatilayotgan quyosh panellari quvvatining 25 foizidan kam bo‘lmagan quvvatini tashkil etadigan elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa, ushbu kichik bandda nazarda tutilgan soliq imtiyozlari ular foydalanishga topshirilgan kundan boshlab o‘n yil muddatga qo‘llanadi.

Jismoniy shaxslar umumiy quvvati 1 kVtdan ortiq QTEM qurilmalari o‘rnatganda imtiyozlar har bir obyekt bo‘yicha bir marotaba qo‘llanadi.

Bunda soliq imtiyozlarining yillik miqdori jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i bo‘yicha — BHMning ikki baravaridan (680 ming so‘m), jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha esa — BHMdan (340 ming so‘m) oshmasligi lozim.

Biroq ushbu o‘zgartirishlar hali Soliq kodeksiga kiritilmagan, shuning uchun ham ularni amalda qo‘llash mumkin emas.

Prezident iqtisodiyot majmuasi rahbariyatiga (bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov rahbarligida) aholi va tadbirkorlar uchun energiya tejovchi uskunalar va quyosh batareyalari xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish topshiriqlarini ham berdi.