2024-yilning birinchi yarmida Janubiy Koreyaga o‘qish yoki amaliyot o‘tash uchun borgan xorijliklar soni rekord darajaga yetdi. Bu haqda Koreya turizm tashkilotiga tayanib Yonhap agentligi xabar berdi.

Yilning birinchi yarmida 204 ming nafar chet ellik talaba va kurs tinglovchisi ana shunday maqsadlarda mamlakatga borgan, bu o‘tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan 50,6 foizga ko‘p. Birinchi yarimyillikdagi avvalgi rekord 2019-yilda qayd etilgan — 184,5 ming kishi.

Janubiy Koreyadagi talabalarning 55,2 foizi yoki 112,7 ming nafari Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinni Vetnam — 33,2 ming, uchinchini — Yaponiya (6864) egalladi.

Mo‘g‘uliston to‘rtinchi o‘rinda (6724 nafar), O‘zbekiston esa 4997 nafar talaba bilan beshinchi o‘rinda.

G‘arb davlatlari orasida Janubiy Koreyada o‘qiydigan eng ko‘p xorijiy fuqarolar Fransiya (3507) va AQShdan (3089) kelgan.

Top 10 talikka, shuningdek, Tayvan (2552), Myanma (2255) va Germaniya (1953) kirdi. Rossiyadan 1483 nafar, Qozog‘istondan 1022 kishi kelgan.

Butun dunyodan Koreyaga o‘qish va amaliyot o‘tash uchun kelgan xorijliklar sonining ko‘payishi ko‘p jihatdan “Koreya to‘lqini”ning (Hallyu) ta’siri bilan bog‘liq. “K-kontent” — K-pop, K-movies, K-drama, K-beauty va K-food — butun dunyoda mashhur bo‘lgani uchun chet ellik yoshlar orasida Koreyaga qiziqish ortdi, deb yozadi Yonhap.

Bundan tashqari, ko‘p hollarda odamlar koreys tili va madaniyatini o‘rganmoqda yoki ish maqsadida uchun chet elda o‘qimoqda.

Mahalliy universitetlar va mahalliy organlar koreyalik talabalar soni kamayib borayotgani sababli chet ellik talabalarni jalb qilishda juda faol.

Hukumat va mahalliy hokimiyatlar ham koreys tilini mukammal biladigan chet ellik talabalarni mamlakatda ishga joylashtirishni rag‘batlantirish siyosatini olib bormoqda. U kichik va o‘rta biznesda ishchi kuchi yetishmasligi muammosini hal qilishga va aholi sonining qisqarishiga javob berishga qaratilgan.

2027-yilga borib Koreya 300 ming chet ellik talabani o‘qishga jalb qilishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyiha Janubiy Koreya iqtisodiyotini yuqori malakali ishchilar bilan ta’minlash zaruratidan, shuningdek, hukumatning dunyoning eng yaxshi talabalari uchun raqobat kuchayib borayotganini tushunishidan kelib chiqadi.

Ushbu maqsadga erishish uchun hukumat sa’y-harakatlarini davlat stipendiyalari (Global Korea Scholarships) uchun kvotani oshirishga qaratmoqda. Rasmiylar, shuningdek, STEM yo‘nalishlarida o‘qish uchun ariza topshirayotgan talabalarga (bu talabalar uchun stipendiyalar o‘tgan yilgi 1335 dan ikki baravar ko‘paydi) ustuvorlik berishni va talabalarni Seuldan tashqaridagi universitetlarga o‘qishga kirishga rag‘batlantirishni rejalashtirmoqda. Ularning raqobatbardoshligini oshirish uchun Koreya universitetlari ingliz tilida o‘qitishni kengaytirishga chaqirilmoqda.

Shuningdek, stipendiyalar alohida mamlakatlarga ham ajratilmoqda — masalan, mudofaa va yadro texnologiyalariga qiziqqan Polsha va BAA (bu yerda Koreya kompaniyasi AES qurgan) talabalari uchun kvotalar oshirilmoqda.

STEM va yangi ustuvor mamlakatlarga e’tibor Xitoy, Vetnam va O‘zbekistondan kelgan talabalarga haddan tashqari tayanib qolishni to‘g‘rilashga qaratilgan. University World News ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu uch mamlakat xalqaro talabalar uchun joriy kvotaning uchdan ikki qismini tashkil qiladi va ularning aksariyat talabalari gumanitar dasturlarda o‘qimoqda.

2023-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Koreya (10,4 ming) universitetlaridagi talabalari soni bo‘yicha Xitoy (68 ming) va Vetnam (43,4 ming)dan keyingi o‘rinda bo‘ldi.

YUNESKO hisobotiga ko‘ra, 2021-yilda (ikki yillik so‘nggi hisobot hali e’lon qilinmagan) O‘zbekistondan 110 ming talaba xorijiy mamlakatlarda tahsil olgan. Bunda mamlakat Xitoy (1 million), Hindiston (508 ming), Vetnam (137 ming) va Germaniyadan (126 ming) keyin beshinchi o‘rinni egallagan.

AQSh xalqaro talabalarni qabul qiluvchi asosiy davlatga aylandi. 2021-yilda AQShda 833 ming talaba tahsil olgan. Buyuk Britaniyada 601 ming, Avstraliyada 378 ming, Germaniyada 376 ming va Kanadada 318 ming chet ellik talaba bor.