O‘zbekiston Adliya vazirligi Imom Termiziy nomidagi islom institutini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’lim muassasasida o‘qish 4 yil bo‘lib, bakalavr darajasidagi oliy diniy ma’lumotli hadis ilmlari, diniy fanlar va arab tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Bu bilan mamlakatdagi oliy diniy ta’lim muassasalari soni 4 taga yetdi (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi).

Institutga 2024−2025 o‘quv yili uchun qabul e’lon qilinadi. O‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish 14-avgustdan 20-avgustga (shu kuni ham soat 18:00 gacha) qadar davom etadi.

Abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
  • pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
  • o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi asl nusxada;
  • 3,5×4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi).

Abituriyentlar quyidagi fanlar bo‘yicha qabul imtihonlarini topshiradi:

  • arab tili (test sinovi) 30×3,1 — 93 ball;
  • hadis va mustalahul hadis (ijodiy imtihon) — 63 ball;
  • O‘zbekiston tarixi (test sinovi) 30×1,1 — 33 ball.

Arab tili bo‘yicha V2 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi. Ta’lim muassasasiga hujjat topshirish uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning yarim baravari miqdorida (170 ming so‘m) to‘lov undiriladi.

Qabul imtihonlarini o‘tkazish sanasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi, deyiladi xabarda. Jarayon haqidagi yangiliklarni mazkur kanalda kuzatib borish mumkin.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyevning 2019-yilda Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshirig‘i ijrosi yuzasidan Termiz shahrida 2020−2021 o‘quv yilidan o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etilgan va 2023−2024 o‘quv yilida ilk bitiruvchilar mazkur muassasani tamomlagandi. Institut esa o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining uzviy davomi sifatida tashkil etildi.