Ukrainaning Rossiyaning Kursk viloyatidagi operatsiyasining yakuniy maqsadi hamon noaniqligicha qolmoqda, biroq minimal vazifa rus qo‘shinlarini Xarkov va Donetsk viloyatlaridagi front hududlaridan olib chiqib ketishi bo‘lib ko‘rinmoqda, deb yozadi The Economist.

Dastlabki baholarga ko‘ra, ushbu operatsiya natijalari “noaniq”, deb ta’kidlaydi nashr. Rossiya Xarkov frontidan qo‘shinlarini ko‘chirdi, biroq Donbass frontida bunday faollik kuzatilmadi.

“Ularning (Rossiya qo‘shinlari) qo‘mondonlari ahmoq emas. Ular harakatlanuvchi kuchlar, lekin biz xohlaganchalik tez emas. Ular bilishadiki, biz logistikani 80 yoki 100 km ga kengaytira olmaymiz”, — dedi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi nashrga.

Biroq Ukraina Qurolli Kuchlarining operatsiyasi “bir muhim nomoddiy ko‘rsatkich”ni yaxshiladi — bu Ukraina armiyasidagi ruhiy holatni ko‘tardi, deb yozadi nashr. Ukraina harbiylariga ko‘ra, jarohatlar va yo‘qotishlarga qaramay, ular “hech narsadan afsuslanmaydilar”. “Uzoq vaqt ichida ilk marta bizdan harakat bo‘ldi”, — dedi Ukraina Qurolli kuchlari askarlaridan biri.

Operatsiyaning ba’zi elementlari “puxtalik bilan rejala qilingan ko‘rinadi” va operatsion xavfsizlik The Economist’ning ta’kidlashicha, urushning muhim jihati hisoblanadi.

“Biz eng qobiliyatli bo‘linmalarimizni chegaradagi eng zaif nuqtaga jo‘natdik. Muddatli harbiylar desantchilar bilan to‘qnashib, shunchaki taslim bo‘lishdi”, — dedi nashrga Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabidagi manba.

Avvalroq AFP agentligi Ukraina xavfsizlik xizmatining yuqori martabali mulozimiga tayanib, Ukrainaning Kursk viloyatidagi hujumidan maqsad rossiyalik kuchlarning pozitsiyalarini “cho‘zish”, “maksimal yo‘qotishlar” va Rossiyadagi vaziyatni “beqarorlashtirish” ekanini yozgan edi. Manba, shuningdek, Ukraina hech qanday hududni anneksiya qilishni rejalashtirmaganini ta’kidladi. “Ukraina hech qanday konvensiyani buzmasligi juda muhim. Biz insonparvarlik qonunchiligiga qat’iy rioya qilamiz: biz mahbuslarni qatl qilmaymiz, ayollarni zo‘rlamaymiz, talon-toroj qilmaymiz”, — deya ishontirdi u.

  • Ukraina qurolli kuchlari 6-avgust kuni Kursk viloyatining Sudjanskiy tumaniga hujum boshladi. Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlarining oldinga siljishi to‘xtatilganini ma’lum qildi, biroq rossiyalik harbiylar tarafdori bo‘lgan blogerlarning fikricha, u davom etmoqda. 12-avgust kuni ertalabdan Ukraina qo‘shinlari Sudja shahri ustidan nazorat o‘rnatgan ko‘rinadi. The Washington Post nashrining yozishicha, operatsiyada Ukrainaning bir necha mexanizatsiyalashgan va hujum bo‘linmalari ishtirok etishi mumkin.