Surxondaryo viloyati Denov tumanida 32 yoshli erkak voyaga yetmagan qizga uyatsiz-buzuq harakatlar qilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova.

Sh. M. (ayol)ning murojaatida aytilishicha, 3-iyun kuni uning 10 yoshli qizi D.A.ga uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, 32 yoshli qo‘shnisi B.Sh. (erkak) uyatsiz qiliqlar qilgan.

Erkak voyaga yetmagan qizga bo‘lgan holatni kimgadir aytsa, o‘ldirish bilan qo‘rqitgan. Ayol qizi erkakning uyga kirib, qilgan ishlarini videotasvirga olganini bildirgan.

“Bu holat yuzasidan tergov organlariga xabar bergan, lekin ular tomonidan tegishli chora ko‘rilmagan. Farzandining huquqlarini himoya qilishda yordam so‘ragan”, — deyiladi xabarda.

Bolalar ombudsmanining Ichki ishlar vazirligiga yuborgan so‘rovi asosida Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan 7-iyul kuni ekrakka nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 2-qismi “v” bandi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan 26-iyul kuni ayblanuvchi B.Sh.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishi materiallari tegishli sudga yuborilgan.