Shavkat Mirziyoyev 13-avgust kuni sun’iy intellekt va IT sohasidagi startap loyihalarni rivojlantirish chora-tadbirlariga doir taqdimot bilan tanishdi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Unda aytilishicha, mamlakatda axborot texnologiyalari rivojlantirilib, barcha sohalarda tatbiq etilishi natijasida shu yilning o‘tgan davrida raqamli xizmatlar hajmi 21 trillion so‘mdan oshgan, yil yakuni bilan 43 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda. Sohada 367 million dollarlik xizmatlar eksport qilindi. IT-park rezidentlari 577 taga ko‘payib, 2 mingtadan oshdi. Ularda ishlayotgan yoshlar soni esa 32 mingtaga yetdi.

Bu yil sog‘liqni saqlash, energetika, transport, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, qurilish kabi sohalarda 100 dan ortiq raqamlashtirish loyihalari amalga oshirilmoqda.

MyID va UzFace dasturlari 70 dan ortiq tashkilot, bank, elektron savdo maydonchalari va to‘lov tizimlarida joriy qilinib, 10 million foydalanuvchini masofaviy biometrik identifikatsiya qilish imkoniyati yaratildi. “O‘zbekkosmos” sun’iy intellektni qo‘llab, 43 mingga yaqin yer qa’ridan noqonuniy foydalanish va ruxsatsiz qurilish holatlarini aniqladi.

axborot texnologiyalari, it, startaplar, sun’iy intellekt

Taqdimotda sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, bank, soliq, bojxona kabi sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Avvalo, sun’iy intellekt bo‘yicha qonunchilik bazasini yaratish kerakligi qayd etildi. Sun’iy intellektni joriy etish strategiyasi va ikki yillik loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Sun’iy intellekt texnologiyalari markazini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Xususan, bank-moliya sohasida sun’iy intellektni qo‘llashni kengaytirish, bu bo‘yicha kadrlar tayyorlash va xodimlar malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

axborot texnologiyalari, it, startaplar, sun’iy intellekt

Bugungi kunda 4 ta universitetda sun’iy intellekt bo‘yicha kadrlar tayyorlanyapti, hozirda katta ma’lumotlarni qayta ishlash va til modellari bo‘yicha 600 nafar mutaxassisga talab bor, bu kelgusi yillarda karrasiga oshadi, dedi prezident. Davlat rahbari sohalar kesimida talabga mos mutaxassislar tayyorlash muhimligini aytdi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili IT sohasidagi startap loyihalar uchun jalb qilingan venchur investitsiyalar hajmi 134 million dollarni tashkil qilgan.

Davlat rahbari startap loyihalarni moliyalashtirish uchun venchur investitsiyalarga keng sharoit yaratish vaqti kelganini ta’kidladi. Shu bois startap ekotizimini rivojlantirish, venchurli moliyalashtirish mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.