Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirobod tuman sudi 15-avgust kuni sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlaydi. Bu haqda “Gazeta.uz” Oliy sud saytidagi ma’lumotlar orqali xabar topdi.

Aziz Voitovga nisbatan Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

  • 167-modda 3-qismi “a” va “v” bandlari (Juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
  • 205-modda 2-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish);
  • 206-moddasi 2-qismining “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);
  • 209-moddasi 2-qismining “a” bandi (Mansab soxtakorligi).

Mazkur ishda tadbirkorlar Orzubek Otabayevich Rajabov va Alisher Fazlitdinovich Urinbayev ham ayblanmoqda.

Xususan, turar joy bo‘lmagan binolar qurish bilan shug‘ullanuvchi Toshkentdagi Beltepa Master Stroy MCHJ ta’sischisi Orzubek Rajabov Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bilan ayblanmoqda:

  • 167-modda 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
  • 189-moddaning 1-qismi (Tovarlar savdosi yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdordagi qiymatda buzish);
  • 209-moddaning 1-qismi (Mansab soxtakorligi);
  • 211-moddaning 1-qismi (Pora berish);
  • 228-modda 2-qismi “a” va “b” bandlari (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish);
  • 228-moddaning 3-qismi (Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish).

Toshkentdagi Lanell Group (to‘qimachilik sanoati uchun xomashyo) va Rainbow-Teks (paxta tolasini tayyorlash va yigiruv) kompaniyalarining asoschisi Alisher Urinbayev quyidagilarda ayblanmoqda:

  • Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish).

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri 2023-yilning dekabrida hibsga olingan. oktabr oyi oxirida u ishdan bo‘shatilganidan so‘ng Hisob palatasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida tekshiruv o‘tkazgan.

Voitov 2022-yil avgustidan 2023-yil oktabriga qadar qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan (uning o‘rnini Ibrohim Abdurahmonov egallagan). Bungacha, 2020-yilning mart oyidan boshlab u Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.