Jo Bayden prezidentlik poygasini tark etganidan so‘ng bergan birinchi intervyusida o‘z qarorini Donald Trampning saylovda g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik istagi bilan izohladi.

“…Vakillar palatasi va Senatdagi ba’zi bir demokrat hamkasblarim saylovda ularga zarar yetkazishim mumkin, degan qarorga kelishdi. Agar men poygada qolsam, bu narsa mavzu bo‘lishi mumkinligidan xavotirda edim. Mendan intervyu olib, „Nega Nensi Pelosi (Vakillar palatasining sobiq spikeri — tahr.) unday dedi?“, „Nega bunday dedi?“ deb so‘rardingiz. Va men bu chalg‘itadi, deb qaror qildim. Bu birinchi”, — dedi Bayden CBS telekanaliga bergan intervyusida.

“Ikkinchidan, men birinchi marta o‘z nomzodimni qo‘yganimda, o‘zimni o‘tish davri prezidenti deb hisoblardim. Men hatto necha yoshdaligimni ham ayta olmayman, menga bu haqda aytish qiyin” — dedi 81 yoshli Bayden.

“Men uchun eng muhim masala — hazillashayotganim yo‘q — demokratiyani saqlab qolish, — deya davom etdi Bayden. — Chunki prezident bo‘lish katta sharaf bo‘lsa-da, menimcha, mamlakat oldidagi burchim — mumkin bo‘lgan eng muhim ishni qilish va bu muhim ish — biz Trampni mag‘lub etishimiz kerak, kerak, kerak”.

Bayden, shuningdek, agar Tramp noyabr oyida mag‘lubiyatga uchrasa, hokimiyatning tinch yo‘l bilan topshirilishiga ishonmasligini ta’kidladi. Sobiq prezident hali ham avvalgi saylovlarda Baydenga mag‘lub bo‘lganini tan olishdan bosh tortmoqda.

“U nima desa, shuni nazarda tutadi. Biz buni jiddiy qabul qilmaymiz, u esa jiddiy gapiryapti. Hamma gaplari „agar yutqazsak, qonli hammom (shafqatsizlarcha qirg‘in qilish; shafqatsizlik ma’nosida — tahr.) bo‘ladi“ kabidir”, — dedi Bayden.

“Siz faqat g‘alaba qozonganingizda o‘z mamlakatingizni seva olmaysiz” — deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

AQShda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.