Parij 2024 Olimpiadasida sovrindor bo‘lgan sportchilarning murabbiylari ham pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga xabar berishicha, oltin medal olgan sportchilarning murabbiylari 50 ming AQSh dollari, kumush olganlarning murabbiylari 25 ming AQSh dollari, bronza medal olganlarning murabbiylari esa 12 500 AQSh dollaridan mukofotlandi.

Ma’lumot uchun, Olimpiada g‘oliblari va sovrindorlariga 50 mingdan 200 ming dollargacha bo‘lgan pul mukofotlari, Tahoe va BYD Song Plus avtomobillari, shuningdek, ikki qavatli kottejlar va xonadonlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Olimpiadaga jami 90 nafar sportchi yuborgandi. Ular musobaqada 13 ta medal — 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzani qo‘lga kiritdi. Respublika medallar hisobida 206 davlat orasida 13-o‘rin, Markaziy Osiyo, MDH, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar orasida 1-o‘rin, Osiyo bo‘yicha esa 4-o‘rinni (Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin) egalladi.