Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda professional kadrlar tayyorlash chora-tadbirlarini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kasbga o‘qitish mehnat bozoridagi talab va yoshlar qiziqishini hisobga olmasdan, mavjud o‘qituvchilar doirasida amalga oshirilmoqda.

Yoshlarning atigi 2 foizi dual ta’lim shaklida o‘qitiladi, Buxoro viloyatidagi 30 ming korxonadan 350 tasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Natijada quvvati 28 ming o‘quvchi bo‘lgan kollej va texnikumlarga qabul 50 foizga yetmaydi.

Shu munosabat bilan quvvatidan to‘liq foydalanmayotgan o‘quv binolari va xonalari tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi, dedi prezident. Tushgan mablag‘lar binolarni ta’mirlash va uskunalar xarid qilishga sarflanadi. Bu yerda yoshlarni kasbga o‘qitib, ishli qilish yagona shart ekani ta’kidlandi.

Davlat rahbari mutasaddilarga imkoniyatdan foydalanib, bu yil 30 ta kollej va texnikumda xususiy o‘quv kurslarini boshlashni topshirdi.

Prezident maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda yoshlar ishlab chiqarayotgan tovarlarni davlat xaridi platformalarida sotishdagi cheklovni olib tashlash vazifasini ham qo‘ydi.