O‘zbekistonda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun xususiy sektor jalb etilishi mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu masalani o‘rganib, tegishli takliflar kiritishga ko‘rsatma berdi.

Fevral oyida prezidentga O‘zbekistonning energetik xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari taqdimot qilingandi. Xususan, 1-oktabrga qadar kamida beshta tumanda aholiga suyultirilgan gaz (propan) yetkazib berish funksiyasini xususiy operatorga o‘tkazish taklif etilgan.

Shuningdek, taklilar gaz va elektr energiyasi tariflarini isloh qilish va ijtimoiy normalarni joriy etish, 49 mlrd dollarlik elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarni qayta rasmiylashtirish, Samarqand shahrida elektr energiyasini taqsimlash va sotish bo‘yicha investorlarni jalb qilish va boshqalarni o‘z ichiga olgandi.

Tabiiy va suyultirilgan gazni iste’molchilarga yetkazib berish bo‘yicha monopoliyani bekor qilish va past bosimli gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish 2024-yilgi davlat dasturidan o‘rin olgan.

24-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 4,26 mln oila va 81 mingdan ortiq korxona tabiiy gaz oladi. Suyultirilgan gaz 3,73 mln iste’molchiga (46,7 foiz), shuningdek, 2917 nafar ulgurji iste’molchiga yetkazib beriladi. 1-maydan boshlab aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi 1 kg uchun 1120 so‘mdan 1600 so‘mga, 2025-yil 1-apreldan esa 2000 so‘mga ko‘tariladi.

Avgust oyi boshida “Gazeta.uz” propan narxi keskin oshgani haqida xabar bergandi. O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi (UzEx) ma’lumotlariga ko‘ra, suyultirilgan gaz (propan) narxi 1-iyun kuni bir tonna uchun 5,2 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 1-iyulda bir tonna uchun 6,02 mln сўмни tashkil qilgan, 31-iyulga kelib bu ko‘rsatkich 7 mln so‘mga ko‘tarilgan, ya’ni oyiga 25 foizga, ikki oyga 44 foizga oshgan.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi vaziyatni o‘rganayotganini bildirgan. Shuningdek, qo‘mita narxlarning oshishi mumkinligi oldindan prognoz qilingani va bu haqda regulyatorni (Energetika vazirligi) 15-iyul kuni xabardor qilganini ma’lum qilgan.

11-avgust kungi savdolar yakunlariga ko‘ra, bir tonna propan narxi 7,85 mln so‘mga ko‘tarilgan.