Futbol bo‘yicha O‘zbeksiton milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov MLS’ning “Atlanta Yunayted” klubiga o‘tishi mumkin. Bu haqda futbol jurnalisti Fabritsio Romano Twitter’da ma’lum qildi.

“MLS'ning “Atlanta Yunayted” klubi “Roma”ga Eldor Shomurodovni yangi hujumchi sifatida sotib olish taklifi bilan murojaat qildi. Muzokaralar davom etmoqda va ularni amalga oshirish uchun yaxshi imkoniyat mavjud”, — deya yozdi Romano.

Eldor Shomurodov 1995-yilda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. “Mash’al” klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi faoliyatini shu klubda boshlab, keyinchalik “Bunyodkor” jamoasiga o‘tgan. 2017-yil yozida u Rossiyaning “Rostov” klubiga ko‘chib o‘tdi va jamoa safida uch mavsumda jami 91 o‘yinda maydonga tushib, 18 ta gol urdi, 12 ta golga assistentlik qilgan.

2020-yil oktabr oyida hujumchini Italiyaning “Jenoa”si 7,5 mln yevro evaziga sotib oldi, bir yil o‘tib esa Shomurodov 17,5 mln yevro transfer summasi bilan Italiyaning boshqa klubi — “Roma”ga o‘tdi. O‘tgan mavsumda u “Kalyari” safida ijara asosida o‘ynadi.

MLS (Major League Soccer) — AQSh futbol Federatsiyasi tomonidan tashkillashtiriladigan professional futbol ligasi, bu AQSh futbolining eng yuqori divizioni hisoblanadi. 2023-yilgi mavsumdan boshlab ligada jami 29 jamoa — 26 ta AQSh va 3 ta Kanada klublari ishtirok etmoqda. Liganing “Inter Mayami” klubida dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri Lionel Messi top suradi.