Reklama qonunchiligi yuzasidan barcha davlat va nodavlat telekanallarga ko‘rsatma xati yuborildi, deb xabar berdi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Qo‘mita xabarida aytilishicha, so‘nggi vaqtlarda OAV (xususan, telekanallar) orqali reklamalarni tarqatish va joylashtirishda qonunchilik talablari buzilishi holatlari ko‘zga tashlanmoqda.

Shuni inobatga olgan holda, qo‘mita tomonidan raqamli televideniye xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlarga (teleradiokanallar) ko‘rsatma xati yuborilgan. Ko‘rsatmada telekanallardan bir oylik muddatda reklamaga oid faoliyatini amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib muvofiqlashtirish va qayta ko‘rib chiqish so‘ralgan.

Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida belgilangan tartibda sohaga oid monitoring tahlillari o‘tkazishda davom etishini ma’lum qildi. O‘rganishlarda qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan subyektlarga nisbatan qat’iy ta’sirchan choralar, shu jumladan, moliyaviy sanksiyalar qo‘llanadi, deyiladi xabarda.