13-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tumani sudida aprel oyida turmush o‘rtog‘ini o‘z joniga qasd qilishga majburlaganlikda gumon qilinib qo‘lga olingan fuqaro D.X.ga (1989-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) nisbatan hukm chiqarildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida 28 yoshli ayol uyning beshinchi qavatidan qulab halok bo‘lgan edi. U turmush o‘rtog‘i tomonidan muntazam ravishda zo‘ravonlikka uchragani xabar qilingan. Hodisa guvohi bo‘lgan qo‘shnilarga ko‘ra, ayol pastga tushib ketishi oldidan “yashashni istamayman, kaltaklaringdan to‘yib ketdim”, deya baqirgan. Ilgari unga uch marta himoya buyrug‘i berilgan, ammo bu ayolga yordam bermagan. Undan ikki qiz farzandi qolgan.

Sud qarori bilan D.X. Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismida (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.