13-avgust kuni Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida yangi oqova suvlarni tozalash inshooti qurilishi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha bitim imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.

Unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Abu Dhabi Sustainable Water Solutions (SWS) kompaniyasi vakillari va “O‘zsuvta’minot” korxonasi rahbari v.b. Axmad Suvonqulov ishtirok etdi.

Loyiha doirasida “Surum” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sutkasiga 1 mln (keyinchalik 1,5 mln) kub metr quvvatga ega zamonaviy oqova suv tozalash inshooti va 42 kilometrli oqova suv kollektorlarini qurish ishlari ko‘zda tutilgan.

Loyiha SWS va texnologik hamkorlari sifatida tanlangan Suez (Fransiya) va Marubeni (Yaponiya) kompaniyalari konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi.

obyektda oqova suvlarni tozalash bilan bog‘liq jarayonlarini samarali monitoring qilish va boshqarishni ta’minlaydigan SCADA (ma’lumotlarni boshqarish va yig‘ish) va GIS (geoinformatsion) tizimlari joriy etiladi.

abu dhabi sustainable water solutions, marubeni, suez, канализация, oqova suv

Zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish natijasida oqova suv tozalash jarayoni samaradorligi yanada oshirish va resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishni ta’minlash kutilmoqda. Xususan, 10 mln kVtdan ko‘proq elektr energiya iqtisod qilinishi reja qilingan.

Loyiha Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi sanitar-epidemiologik va ekologik holatni va 1,5 millionga yaqin aholining oqova suv xizmatini yaxshilaydi, 500 mingdan ortiq aholi hamda 100 dan ortiq korxona-tashkilotlar markazlashgan oqova suv xizmati bilan ta’minlanadi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Axmad Suvonqulov ushbu loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi samarali va uzoq muddatli hamkorlikni ta’minlashini ta’kidladi. Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti va oqova tizimini rivojlantirish bo‘yicha boshqa loyihalarni ham amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, Abu Dhabi Sustainable Water Solutions — Abu Dabidagi (BAA) oqova suvlarni yig‘ish, tozalash va qayta ishlatishning yagona tashkilotchisi hisoblanadi. Kompaniya tomonidan har kuni 1,3 mln kub metrdan ortiq oqova suv 200 dan ortiq nasos stansiyalari va 42 ta tozalash stansiyalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan 12 ming km uzunlikdagi keng tarmoq orqali yig‘iladi.