“Yangi O‘zbekiston” nashrida O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov Markaziy Osiyo integratsiyasi, xususan, Ostona shahrida yakunlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari to‘g‘risidagi “O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi Markaziy Osiyo” maqolasi e’lon qilindi.

Komilov qayd etishicha, Ostona sammiti o‘z mohiyatiga ko‘ra, mintaqa davlatlarining hamkorlikni yanada izchil ilgari surish, Markaziy Osiyo beshligi doirasida har tomonlama kooperatsiyani kengaytirishga bo‘lgan intilishini namoyish etdi.

“Bundan bor-yo‘g‘i yetti yil oldin chegaralarimiz deyarli to‘liq yopilgan edi. Biz chegara hududlaridagi mojarolar va minalangan dalalarga, transport blokadalariga, savdo sohasida baland to‘siqlar o‘rnatilganiga guvoh edik. Suv resurslaridan, yaylovlar va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish masalalari bo‘yicha tinimsiz tortishuvlarning ochiq qarama-qarshilikka aylanib ketish xavfi bor edi”, — deya ta’kidlagan maxsus vakil.

“Mintaqadagi ba’zi kuchlar ishonchsizlik ruhini avj oldirishva umumiy tarixiy merosimizdan o‘z manfaatlari uchun foydalanish orqali muxoliflik va raqobatni keltirib chiqarardi. Tarqoqligimiz bizni zaiflashtirar, birlashish istiqbollaridan mahrum etar, mintaqa salohiyatini mushtarak manfaatlar yo‘lida ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilar edi. Bularning barchasi asrlar davomida yonma-yon tinch-totuv yashab kelgan, bir dinga e’tiqod qilgan, umumiy urf-odat va an’analarga ega bo‘lgan, minglab ko‘rinmas rishtalar bilan bog‘langan Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy-sivilizatsiyaviy qadriyatlariga mutlaqo zid edi”, — deya qayd etdi Komilov.

Maqolada O‘zbekiston rahbari yangi yaxlit Tashqi siyosat доктринасини shakllantirgani eslatib o‘tilgan. Unda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb muammolari, zamonaviy tahdid va xatarlar, yangi dunyo tartibotini shakllantirish va boshqa masalalarga nisbatan O‘zbekistonning qarashlari va yondashuvlari belgilangan.

Qayd etilishicha, doktrinada dunyoning rivojlangan davlatlari bilan teng huquqlilik, o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrikaning yetakchi davlatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan izchil siyosiy muloqotni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Ushbu doktrinada O‘zbekiston prezidenti tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. “Qo‘shnilar bilan hech qanday muammo bo‘lmasligi”ga erishish eng muhim maqsad qilib qo‘yildi. O‘z xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik, pragmatizm va konstruktivlik, teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish, proaktiv muloqot tamoyillari mintaqaviy siyosatning konseptual asosiga aylandi.

“O‘zbekiston obyektiv ravishda Markaziy Osiyoning kelajagi uchun alohida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Bu omilbiz mintaqaning barcha mamlakatlari bilan umumiy chegaralarga ega ekanligimiz bilan izohlanadi. Mamlakatimizda Markaziy Osiyo aholisining yarmidan ko‘pi, mintaqadagi barcha xalqlarning yirik jamoalari yashaydi. O‘zbekiston taraqqiyotining deyarli barcha hayotiy muhim masalalari — suvdan tortib, transport yo‘laklari, mintaqaviy xavfsizlik va savdo-sotiqqachachegaradosh davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan munosabatlarga bog‘liq”, — deya yozgan Abdulaziz Komilov.

“Toshkentning Markaziy Osiyoda siyosiy-diplomatik, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi yondashuvlaridagi o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekistonning qo‘shnilar bilan davlatlararo munosabatlarini tubdan yaxshilash uchun sharoit yaratdi, balki Markaziy Osiyoning yangi formatda yanada jipslashishi va integratsiyalashuviga zamin bo‘ldi”, — deya takidlaydi u.

“O‘zbekiston Qozog‘iston bilan chegarani huquqiy rasmiylashtirishni to‘liq yakunladi, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegarani delimitatsiya qildi. Chegaradagi o‘nlab o‘tkazish punktlari o‘z faoliyatini tiklab, mamlakatlarimiz o‘rtasida odamlarning harakatlanishini sezilarli darajada osonlashtirdi”.

“Bugungi kunda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi chegaralarni haqli ravishda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ko‘prigi, deb atash mumkin. 2023-yil 1-sentabrdan boshlab ichki hujjat -fuqaroID-kartasini taqdim etgan holda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini kesib o‘tish tartibi amal qilayotgani buning tasdig‘idir. Xuddi shunday loyiha Qozog‘iston tomoni bilan ham muhokama qilinmoqda”, — deya qayd etdi Komilov.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev Ostona sammitida Markaziy Osiyoda milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olish va „Bir tur — butun mintaqa“ tamoyili asosida ommaviy turistik mahsulotlarni ishlab chiqishni taklif qildi. Shu bilan birga, Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasini tavsiflashda sezilarli yutuqlarni ko‘rmoqdamiz. Bugungi kunda chegara umumiy uzunligining 90 foizdan ziyod qismibo‘yicha kelishuvga erishilgan”, — deyiladi maqolada.

“Boshqacha aytganda, bularning barchasi turli kelishmovchiliklarga qaramay, tomonlar o‘zaro ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olgan holda maqbul bitimlarga tayyorlik tamoyillariga amal qilsa, o‘tkir, nozik va murakkab muammolarni hal qilish mumkinligini ko‘rsatadi”, — deydi Komilov.

Komilovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoni barqarorlik va izchil taraqqiyot hududiga aylantirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyasining yana bir muhim tarkibiy qismi Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikka erishishdir.

“2016-yilda Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston prezidenti etib saylanishi bilan Toshkentning afg‘on siyosati tizimli va kompleksli tus oldi. Afg‘oniston bo‘yicha yangicha yondashuvning o‘ziga xos xususiyati mintaqa davlatlari va butun jahon hamjamiyatining Afg‘oniston hududida uzoq muddatli tinchlikka erishish va ushbu mamlakatning mintaqa bilan xo‘jalik aloqalariga integratsiyalashuvini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish bo‘ldi”, — deyiladi maqolada.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022-yilda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash” maxsus rezolyutsiyasida Markaziy Osiyo va umumiy aholisi qariyb 2 milliard kishi bo‘lgan Janubiy Osiyo o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishda Afg‘oniston alohida o‘rin tutishi e’tirof etiladi.

“Toshkentning Afg‘oniston bo‘yicha joriy siyosatining yana bir muhim xususiyati shundaki, O‘zbekiston Afg‘onistonga butun Markaziy Osiyoning uzviy, ajralmas qismi sifatida qaraydi”, — deya ma’lum qildi prezident maxsus vakili.

“Yangi Markaziy Osiyo jahondagi qudratli davlatlar va yetakchi davlatlarni o‘ziga tortadigan mintaqaga aylandi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo 10 dan ziyod „Markaziy Osiyo+“ formatlari doirasida 40 ga yaqin davlat va ikkita mintaqaviy tashkilot bilan faol hamkorlik qilmoqda. Hamkorlik salohiyati va imkoniyatlari haqida gapirganda, ta’kidlash joizki, ushbu iqtisodiy makondagi davlatlar hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 75 foizi to‘g‘ri keladi va ularda to‘rt milliardga yaqin aholi istiqomat qiladi”, — deydi Komilov.

“O‘z navbatida, Markaziy Osiyo hamkorlarimiz uchun 80 milliondan ortiq iste’molchiga ega istiqbolli bozor hisoblanadi. Bu yerda jahon neft va gaz zaxiralarining 7 foizi, raqamli va yashil transformatsiya uchun zarur bo‘lgan o‘ta muhim nodir materiallarning katta zaxiralari to‘plangan. Xususan, mintaqada mavjud 10 turdagio‘ta muhim materiallar zaxirasi 5,2 foizdan 38,6 foizgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi”, — deya qayd etdi u.

“Markaziy Osiyo o‘z subyektligini mustahkamlab, mohiyatan jahon maydonida mustaqil ishtirokchiga aylanib bo‘lganini tan olmaslikning iloji yo‘q. Ayni vaqtda mamlakatlarimiz tashqi hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda umumiy yoki yaqin pozitsiyadan turib faol harakat qilmoqda”, — deydi u.

2025-yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammitiga O‘zbekiston mezbonlik qiladi. Abdulaziz Komilov mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalarni qayd etib o‘tdi.

Birinchidan, siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish. “Ochiqlik, teng huquqlilik, hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan siyosiy ishonchni mustahkamlash lozim. Bu borada barcha darajalarda muntazam siyosiy muloqotni davom ettirish va yanada rivojlantirish, unga tizimli va ko‘p qirrali tus berish muhim ahamiyat kasb etadi”.

Ikkinchidan, “iqtisodiy yo‘nalishda strategik o‘sish va tub o‘zgarishni amalga oshirish bizning ustuvor vazifamiz” bo‘lishi kerak. “Biz mintaqamizni iqtisodiy o‘sish va investitsion faollikning jahon markazlaridan biriga aylantirish tarafdorimiz”.Yagona mintaqaviy bozorni shakllantirish bizning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategik maqsadimiz bo‘lishi kerak”, — deya muallif O‘zbekiston prezidentidan iqtibos keltirgan.

Uchinchidan, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish.

To‘rtinchidan, transport-kommunikatsiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish.

Beshinchidan, energetika sohasidagi hamkorlik. “Markaziy Osiyoda umumiy energetika bozorini shakllantirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqishga obyektiv zarurat mavjud”.

Oltinchidan, iqlim o‘zgarishiga moslashish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. “Qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil navlarini yaratish, sug‘orishning yanada oqilona usullarini izlash, agrar sohaga suvni tejaydigan texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish uchun agrosanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim”.

Yettinchidan, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash. “Madaniyat, fan, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettirish muhimdir. Markaziy Osiyo mamlakatlarining tobora jipslashib borayotgani mintaqani dunyodagi eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish uchun mislsiz imkoniyatlar yaratmoqda”.

Maqola so‘ngida Abdulaziz Komilov “2017-yilda O‘zbekistondagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar hamda Toshkentning yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik bo‘yicha innovatsion siyosati natijasida boshlangan Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuv jarayoni bugungi kunda barqaror va ortga qaytmas tus olgan”ini ta’kidladi.

“Davlat rahbarining siyosiy irodasi, misli ko‘rilmagan pragmatizmi, ishonchni mustahkamlash choralari va uzoqni ko‘zlagan diplomatiyasi,asosiy davlatlararo va mintaqaviy muammolarni hal qilish uchun oqilona murosaga tayyorlik Markaziy Osiyoda tortishuv va kelishmovchiliklardan o‘zaro anglashuv va hamkorlik sari strategik qadamni ta’minladi”, — deya qayd etgan u.