Paralimpiyachilarni Parijdagi o‘yinlariga kuzatish marosimi doirasida adaptiv sport turlari bo‘yicha federatsiyalarni o‘z tizimiga birlashtirgan yagona Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi tashkil etildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashkilot prezidentning maxsus topshirig‘iga asosan, adaptiv (jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga moslashtirilgan) sportni rivojlantirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni adaptiv sportga jalb qilish maqsadida ochildi.

IHMA direktori o‘rinbosarlari tashkilot mas’ul lavozimlarini egalladi. Xususan:

  • direktor o‘rinbosari Muxtorxon Tashxodjayev — Adaptiv sport assotsiatsiyasi raisi;
  • direktor birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva — Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari;
  • direktor o‘rinbosari Sirojiddin Abdullayev — “O‘zbekiston maxsus olimpiadasi” respublika jamoat birlashmasi raisining birinchi o‘rinbosari;
  • direktor o‘rinbosari Jamshid Abruyev — Ko‘zi ojizlar sporti federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari;
  • agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya rahbari Xusniddin Kutpiddinov — Karlar sporti federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylandi.

“Endilikda nafaqat parasport turlari, balki nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan boshqa sport turlari ham keng rivojlantiriladi”, — deyiladi xabarda. Maqsad — nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga ijtimoiylashuvini ta’minlash.