Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni Buxoro viloyati imkoniyatlari tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

“Ikki oy oldin Buxoroga tashrifda hamma muammolarga yechim ko‘rsatib, kerakli mablag‘ni ortig‘i bilan hal qilib berdim. Tashrifdan keyin viloyatga 1,4 trl so‘m ajratildi, bugun tadbirkorlikka qo‘shimcha 60 mln dollar, infratuzilmaga 40 mln dollar ajratish bo‘yicha qarorni imzoladim. G‘ijduvon bo‘yicha ham hukumat qarori chiqaradi”, — dedi prezident.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, viloyatdagi 160 ta davlat idorasida 5 ming nafar boshqaruv xodimi ishlaydi, ularga budjetdan yiliga 455 mlrd so‘m (har bir xodimga o‘rtacha oyiga 7,58 mln so‘m) oylik to‘lanadi.

Hududlarda ishlashga eng katta to‘siq hududiy tashkilotlardagi malakasizlikdir. Xodimlar uchun KPI o‘rnatilmagan, raqamlashtirish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan, innovatsiyalarga o‘rgatish yo‘q.

“[Viloyat hokimi Botir] Zaripov va uning o‘rinbosarlari, tuman hokimlari bu tashkilotlarga aniq vazifa KPI belgilab, har kuni aniq natijalarga ishlashlari kerak. Viloyatda ish o‘rni qilaman degan juda ko‘p tadbirkor loyihasini yurgiza olmayapti. Chunki viloyat, tuman hokimlari ular bilan yetarli muloqot qilmayapti, hokim o‘rinbosarlari bir bo‘lib ishlamayapti”, — dedi prezident.

Vazirliklar o‘z tizimida metodologiya, reglament va raqamlashtirishni yil yakunigacha tartibga keltirishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Shavkat Mirziyoyev mutlaqo yangi ish tizimi bo‘lishini aytdi. Prezident Buxoroda eng asosiy masala xizmatlarni rivojlantirish sohasi ekanini ta’kidladi.

Viloyatda 584 ta mehmon uyi, 122 ta umumiy ovqatlanish, 18,5 mingta savdo, 30 ta salomatlik va fitnes markazlari bor. Buxoroning taomlari mashhur, lekin har ming kishiga to‘g‘ri keladigan oshxona va restoranlar soni Samarqanddagidan 10 karra kam, dedi davlat rahbari.

103 ta loyiha tashkiloti, 2 ming 372 ta qurilish tashkiloti ham to‘liq ishga solinmayapti. Hududlarning master rejasini ishlab chiqib, savdo va servis shoxobchalarini joylashtirish mumkin, dedi u.

Shu bois Buxorodagi 62 ta massiv va 54 ta ko‘chada xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Ularning biri ovqatlanish, ikkinchisi salomatlik, boshqalari mehmonxona, hunarmandchilik, savdo va xizmatlarga ixtisoslashtiriladi. Jami 4 mingta tadbirkorlik tashkil qilinib, 6 ming aholining bandligi ta’minlanadi.

Shavkat Mirziyoyev sanoat zonalarida yer ajratishni yengillashtirish, bunga xizmat ko‘rsatishni ham qo‘shish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bundan buyon servis joylarini sotib olish uchun alohida kredit turi — “xizmat ipotekasi” yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.