Shavkat Mirziyoyev 12-avgustdagi qarori bilan Janubiy Koreyadan oltita Hyundai Rotem tezyurar elektropoyezdini xarid qilish loyihasini texnik-iqtisodiy asoslashning asosiy parametrlarini tasdiqladi. Poyezdlarni Koreya Eksimbanki mablag‘larini jalb qilgan holda xarid qilish rejalashtirilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 220,03 million yevroga baholanmoqda. Kelishuv doirasida O‘zbekiston 21,3 million yevro, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi 13,5 million yevro, Koreya Eksimbanki esa 185,18 million yevro ekvivalentida 40 yilga, shu jumladan, 10 yillik imtiyozli davrga qarz beradi.

Loyihani amalga oshirish muddati 6 yil — 2024-yildan 2030-yilgacha. Yangi poyezdlar yiliga 1,31 million yo‘lovchini tashishi kutilmoqda. Loyihaning o‘zini oqlashi 25,1 yil deb baholanmoqda.

Loyihani amalga oshirish va kreditdan maqsadli foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organlar etib “O‘zbekiston temir yo‘llari” va uning tarkibidagi “Temiryo‘lekspress” korxonalari belgilandi. Qarz va foizlarni “Temiryo‘lekspress” to‘laydi.

Milliy bank kredit hisob-kitoblari bo‘yicha moliya agenti bo‘lib, u Koreya tomonidan vakolatli bank bilan bitimlar tuzish huquqini oladi. Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qarzlarni qayta kreditlash bo‘yicha bitim tuzishi mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Hyundai Rotem poyezdlarini “Toshkent — Xiva” temiryo‘li uchun sotib olish rejalashtirilgan. Poyezd 7 ta vagondan iborat bo‘lib, 351 yo‘lovchini sig‘dira oladi va soatiga 250 km tezlikka ega.

Qarorda qayd etilishicha, 465 km uzunlikdagi “Buxoro — Urganch — Xiva” temiryo‘lini joriy yil yakuniga qadar, “Miskin — Nukus” temiryo‘lini 2026-yil yakuniga qadar elektrlashtirish rejalashtirilgan.

Tezkor aloqa yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng Toshkentdan Xivagacha deyarli ikki baravar tezroq (hozir — 13 soatdan ortiq) yetib borish mumkin bo‘ladi.