Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida sentabr oyida hukmron Liberal-demokratik partiya (LDP) yetakchisi sifatida ikkinchi muddatga saylanmaydi, deb yozmoqda The Japan Times.

Kishida bunday qarorni qator mojarolar, ayniqsa, LDP bilan bog‘liq, siyosiy xayriyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha mojarodan keyin hukumat reytinglarining pasayishi fonida qabul qildi. O‘shanda bir nechta vazirlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi va Kishidaning o‘ng qo‘li Xirokadzu Matsuno iste’foga chiqqandi.

“LDP o‘zgarganini yaqqol ko‘rsatishning eng oson yo‘li — chetlashish. Men bo‘lajak raislik saylovlarida ishtirok etmayman”, — dedi Kishida 14-avgust kuni o‘z qarorgohida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

“Agar siyosat va siyosatchilarga yetarlicha ishonch bo‘lmasa, hukumat asosiy siyosiy qarorlarni ilgari sura olmaydi” — deya tushuntirdi u.

Bosh vazir partiya rahbari tomonidan “odatiy a’zo” sifatida saylanadigan har qanday shaxsni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

“Partiya yetakchisi sifatida men hech ikkilanmasdan uning a’zolari qilgan ishlar uchun javobgarlikni o‘z zimmamga olaman”, — dedi Kishida va xayr-ehsonlar mojarosi boshlanganidan beri ketish haqida o‘ylaganini va bayonot berish uchun qulay paytni kutganini qo‘shimcha qildi.

Yaponiyaning NHK telekanali tomonidan o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, avgust oyida Kishidaning qo‘llab-quvvatlash darajasi 25 foizgacha tushib ketgan. Noyabr oyida, janjal boshlanishidan oldin, bu ko‘rsatkich 29 foizni tashkil etgan.

Iyul oyida Asahi Shimbun gazetasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda respondentlarning 74 foizi sentabr oyida bo‘lib o‘tgan partiya yetakchisi saylovlaridan keyin Kishidaning o‘z lavozimida qolishini xohlamasliklarini bildirgan.

Kim partiya prezidenti va bosh vazir bo‘lishi hozircha noma’lum, deb yozadi The Japan Times. Nomzodlar saylovda ishtirok etish uchun kamida 20 nafar qonun chiqaruvchi hamkasblarining roziligini olishi kerak.

  • 67 yoshli Fumio Kishida 2021-yil sentabrida LDP rahbari etib saylangandi. O‘sha yili u Yaponiya bosh vaziri lavozimini egalladi. Bungacha u Mudofaa vazirligi rahbari va tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlagan.
  • 9−12-avgust kunlari Kishida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurishi kerak edi, ammo Yaponiyada kuchli zilzila bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirish tufayli u tashrifni bekor qilgan.