Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Orient Group Management xoldingiga nisbatan ish ochdi, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, Orient Group Management kompaniyasi ustav fondini ko‘paytirish hisobiga Highway Logistics Center transport-logistika markazining 45 foiz ulushiga egalik qila boshlagan, biroq monopoliyaga qarshi organning roziligini olmagan.

“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasiga muvofiq, bunday operatsiyalarda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi talab qilinadi.

Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan Orient Group Management kompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunning 26-moddasini buzganlikda aybdor deb topilgan va jarima solingan.

Orient qarorga e’tiroz bildirish uchun sudga murojaat qilgan, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, qo‘mita 23-iyul kuni O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasiga (UOIC, 75 foizi O‘mon investitsiya idorasiga tegishli, 25 foizi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli) ham ish ochgan. Kompaniya monopoliyaga qarshi organning roziligisiz Highway Logistics Center`ning ustav fondidan 45 foiz ulush olgan. U ham jarimaga tortilgan.

Kompaniyalar haqida

Highway Logistics Center 2017-yil 8-sentabrda tashkil etilgan bo‘lib, ustav kapitali 185,67 mlrd so‘m. May oyining boshida kompaniya Logistics Orient (99%) va Jahongir Jetibayevich Polatovga tegishli edi. Polatov, shuningdek, quyidagi kompaniyalarga yoki aksiyalariga egalik qiladi:

  • BeFit fitnes klublari tarmog‘i (BeFit Fitness and Wellness Center, BeFit-Eco, BeFit Crossfit);
  • Bright-Development (tayyor beton ishlab chiqarish / turar joy bo‘lmagan binolarni ijaraga olish va boshqarish);
  • Oriental Paper and Board (qog‘oz mahsulotlari va karton yetkazib berish);
  • My IMG (transport va yoqilg‘i sarfini nazorat qilishning GPS monitoringi);
  • Tok Bor elektr yoqilg‘i quyish shoxobchalari va zaryadlash stansiyalari tarmog‘i;
  • International Monitoring Group (transportlar sputnik monitoringi);
  • Central Asian Diamond (turar-joy bo‘lmagan binolarning brendingi va boshqaruvi, ba’zi veb-saytlarda hashamatli Italiya zargarlik buyumlari Pasquale Bruni brendining rasmiy vakili sifatida ko‘rsatilgan);
  • Igrushki Dlya Nas (Urban XS Toys o‘yinchoq do‘konlari);
  • Central Beton (tayyor beton ishlab chiqarish);
  • Profit Store (“Miratorg”, Vici, Lurpak, Toybox, Chocopie Lotte, Konti, Joyco, Schweppes va boshqalar oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatuvchi);
  • Khivan Gold (zargarlik buyumlari ishlab chiqarish);
  • VVGold (zargarlik buyumlari ishlab chiqarish);
  • SAAS Market (buxgalteriya hisobi sohasidagi faoliyat);
  • va boshqalar.

Hozirda aksiyalar quyidagicha taqsimlangan: Logistics Orient (50,86 foiz), O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasi (49,12 foiz), Jasur Alisherovich Sultonov (0,02 foiz).

Orient Group Management kompaniyasi Rauf Mirzayevich Komiljanov (44,99 foiz, Garant Bank aksiyadori ham), Saken Jetibayevich Polatov (33,5 foiz, Orient Group asoschisi, Orient Finans Bank kuzatuv kengashi raisi) va Payzullajon Rahmatullayevich Mirzayev (16 foiz, Orient Group asoschisi) tegishli.

Kompaniya, shuningdek, Makro (Darvoza Savdo) supermarketlar tarmog‘i va Bektemir metall konstruksiyalari zavodiga egalik qiladi.