Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Aytilishicha, 2020-yilda joriy qilingan tizim natijasida uzoq yillar og‘ir vaziyatda bo‘lgan 3 milliondan ziyod odamning sharoiti yaxshilanib, kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushgan.

Shu bilan birga, kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 11 foizdan 7 foizga qisqartirish maqsad qilingan. Ammo hozirgacha bo‘lgan tizim bilan natijadorlikni oshirish qiyin, dedi prezident. Uning ta’kidlashicha, kambag‘al oilani tanlashda aniqlik, ularni bu holatdan olib chiqish va mablag‘ ajratishda yaxlitlik yetishmayapti.

ijtimoiy himoya, иҳма, kambag‘allik, kambag‘allikni qisqartirish, prezident

Shu munosabat bilan 12-iyul kuni Farg‘ona viloyatida o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari bu borada yangicha yondashuvlar kerakligi, endi kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bir tizimda bo‘lishini aytgan edi. Taqdimotda ushbu ikki sohani mutanosib rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, tahlillardan kelib chiqib, kambag‘allikni aniqlash mezonlari va manzilli ro‘yxati shakllantiriladi. Jumladan, unga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi hamda kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lganlar kiritiladi. Bunday oilalar “mahalla yettiligi” va faollari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlanadi. Kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan barcha ijtimoiy xizmat va yordamlar “Inson” markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Kambag‘allik omillarini o‘rganish uchun ijtimoiy himoya va bandlik masalalarida 8 ta yo‘nalishda yagona savolnoma ishlab chiqiladi. Shu asosida oilalarning imkoniyatlari baholanib, 3 ta toifaga ajratiladi. Har bir oilaga individual yondashilib, “oyoqqa turishi”ga ko‘maklashiladi.

Shu tariqa kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalar ro‘yxatini shakllantirish ham rejalashtirilmoqda. IHMA va hokimliklar tomonidan har yili 50 ta mahalla tanlab olinib, ular kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib boriladi.

Taqdimotda qayd etilishicha, hokim yordamchilariga 20 dan ortiq vazifa yuklatilgani sababli kambag‘allikni qisqartirish masalasi ikkilamchi darajaga tushib qolgan. “Endi hokim yordamchilarining faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, asosiy e’tibor kambag‘allikni qisqartirish va ular bandligini ta’minlashga qaratiladi”, — deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda har yili kambag‘allikni qisqartirishga 14 trillion so‘m yo‘naltirilayotgani, lekin bu mablag‘ 40 turdagi moliyaviy vositalar orqali 10 ga yaqin idora tomonidan berilayotgani ham ko‘rsatib o‘tildi. Yagona yondashuv yo‘qligi bois bu tizim ham o‘zgartiriladi.

Xususan, mablag‘lar hudud, tuman va mahallalar kesimida kambag‘al oilalar sonidan kelib chiqib, mos ravishda agentlik va hokimliklar tomonidan taqsimlanadi. Bunda mablag‘lar, birinchi navbatda, oilani kambag‘allikdan chiqarishga yo‘naltiriladi.

Kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar ijrosi bo‘yicha 3 bosqichda — mahalla va tuman, viloyat hamda respublika darajasida monitoring tashkil qilinadi. Bu borada jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

ijtimoiy himoya, иҳма, kambag‘allik, kambag‘allikni qisqartirish, prezident

Ish o‘rinlarini zaxiralash amaliyoti o‘rniga ehtiyojmand kishilarni ishga olgan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari joriy qilinadi. Bo‘sh ish o‘rinlarini to‘liq raqamlashtirish, buyurtmachini kasanachi va frilanserga bog‘laydigan onlayn platforma tashkil qilish kutilmoqda. “Ishga marhamat” monomarkazlarida kambag‘al fuqarolarni xizmatlar sohasida zamonaviy kasblarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.

“Oxirgi yillarda to‘plangan tajriba va odamlarning ehtiyojidan xulosa qilib, kambag‘allikni qisqartirishni yangi bosqichga olib chiqish kerak. Ehtiyojmand insonlarning xohishi va imkoniyatini qo‘llab-quvvatlab, hayotga, jamiyatga olib kirish zarur. Umuman, har qanday ijtimoiy yordam pirovardida bandlikka bog‘lanishi shart”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.